Olsangiz oltindir o‘gitlarimiz

25.10.2023, 12:00

Olsangiz oltindir o‘gitlarimiz

Faxriylar – faxrimiz. Har gal shu iboraga duch kelganimda, ommaviy axborot vositalarida keksa avlod vakillari, tinib-tinchimas mehnat faxriylarining ibratli hayoti va faoliyati borasidagi ko‘rsatuv, eshittirish va maqolalar bilan tanishganimda qalbimda beixtiyor mamnunlik va shukronalik his-tuyg‘ulari qo‘padi.

Boy tajriba va ko‘p yillik ish amaliyotiga ega yurtdoshlarimiz orasida o‘z umrining salmoqli qismini O‘zLiDePning dasturiy g‘oya va maqsadlarini hayotga izchil tatbiq etishga bag‘ishlagan, maslakdoshlariga o‘rnak bo‘larli darajadagi faoliyati bilan beqiyos hissa qo‘shgan fidoyi insonlar anchagina.

Yaxshigina esimda, O‘zLiDePning 2003 yilda o‘tkazilgan ta’sis s’ezdida buxorolik partiya mas’ullari va faollaridan M. Zokirov, F. Aminov, R. Rahimova, B. Jumayev, O. Qodirov, Z. Jo‘rayeva singarilar men kabi o‘sha unutilmas kunni, qurultoydan keyingi dastlabki dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni yaxshi eslaydilar.

Tabiiyki, birinchi safdagilarga hech qachon oson bo‘lmagan. Aytmoqchimanki, oradan ma’lum muddat o‘tgach, aniqrog‘i, 2022-2023 yillarga kelib, O‘zLiDeP va uning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Birgalikda biz kuchmiz!”, “Maqsadimiz – bir!” singari kelajakka yorug‘ bir umid bilan qarashga undaydigan hayotbaxsh shiorlar zaminizda umrguzaronlik qiluvchi har biryurtdoshimiz qalbini jo‘sh urdirib yuborgan, ularni qaysi soha va kasbda ishlashidan qat’iy nazar faqat olg‘a qadam tashlashga da’vat etib turgandek go‘yo. Shu jumladan, partiya faollari va faxriylarini ham.

Partiya Buxoro viloyati kengashi huzuridagi 14 nafar yoshi ulug‘ insonlardan iborat faxriylar kengashi a’zolarini ham bugungi kunda mamlakatimizda keng quloch yozgan “Bir nuroniy – 10 yoshga mas’ul” tamoyili asosida, ayniqsa, yurtimizda umumxalq harakati sifatida davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarda faol bo‘lish va hech istisnosiz joylarda olib borilayotgan partiyaviy targ‘ibot-tashviqot ishlarida ham yaqin maslahatgo‘y sifatida faoliyat olib borishga undab turibdi. Hozirgi va keyingi istiqbolli loyihalarda ham keksalik donishmandligidan, pand-nasihatlari-yu o‘gitlaridan samarali foydalangan holda kelajagimiz vorislarini istiqlol g‘oyalariga sadoqatli etib tarbiyalash, partiyamizning navqiron vakillariga esa o‘z faoliyatlarida ko‘zlangan natijalarga erishishlari uchun ularga yaqin ko‘makchi bo‘lib qolaveramiz.

Behbud JUMAYEV,

O‘zLiDeP Buxoro viloyat kengashi huzuridagi

Faxriylar kengashi raisi,

 “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari sohibi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    138
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+