Deputatlik guruhi yig‘ilishida kuz-qish masumiga tayyorgarlik masalasi muhokama etildi

25.10.2023, 15:20

Deputatlik guruhi yig‘ilishida kuz-qish masumiga tayyorgarlik masalasi muhokama etildi

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashidagi OzLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida viloyat xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi muhokama etildi.

Xabaringiz bor, partiya ishchi guruhi belgilangan jamoatchilik nazorati tadbirlari doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda. Yig‘ilishda bu borada olib borilgan o‘rganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, viloyatdagi 182 ta umumta’lim maktabidan 33 tasida, 172 ta maktabgacha ta’lim tashkilotidan 41 tasida, 46 ta sog‘liqni saqlash muassasasidan 15 tasida mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha kamchiliklar, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar borligi aniqlangan. Jumladan, Namangan shahridagi 17, 27-maktablarda, Uychi tumanidagi 28, 39, 45-maktablarda binolarni, isitish tizimini, qozonxonani ta’mirlash ishlari hozirga qadar yakuniga yetmaganligi, yana boshqa bir qator kamchilik va muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan viloyat moliya va iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari hisobot berib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida to‘xtaldilar.

–Biz joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazganimizda ham ayrim ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalarida mavsumga tayyorgarlik ishlari sust ketayotganidan, rejada belgilangan miqdordagi ko‘mir zahira qilinmaganligidan norozi bo‘lishmoqda, - deydi deputat Nargiza Muhammadiyeva.

Deputatlardan Dilbar Hoshimova, Dilmurod Xatiyev, Nigora Nazarova va boshqalar ham o‘z saylovchilari tomonidan bildirilgan murojaatlarga e’tiborni qaratdilar.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    95
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+