Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan seminar oʻtkazildi

27.10.2023, 15:52

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan seminar oʻtkazildi

Samarqand davlat universitetida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida«gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan seminar-muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston respublikasi Markaziy saylov komissiyasi masʼullari, Oliy majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari hamda siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda mazkur qonun loyihasi yuzasidan Oʻzbekiston respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi, Yuridik fanlar doktori, professor Xudoyor Mamatov yigʻilganlarga atroflicha maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida«gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mamlakatimiz saylov tizimiga aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimini joriy etish va shu orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini yangi tizim asosida oʻtkazish, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining (mutlaq koʻpchilik) emas, balki boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq (nisbiy koʻpchilik) ovozini olgan nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanishini nazarda tutuvchi muhim va dolzarb yangiliklar taklif etilgan.

Endilikda, Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, yaʼni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 50 foizi, yaʼni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati (partiya roʻyxati) boʻyicha saylanishi taklif etilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi masʼullari, Oliy majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, siyosiy partiyalar vakillari shuningdek, Urgut tumanidagi 154 umumtaʼlim maktabida boʻlib, tuman faollari, maktab direktorlari va mahalla raislari bilan uchrashdi.

Bu yerda ham “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida«gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda “Taʼlim toʻgʻrisida«gi qonun loyihasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha yigʻilganlarga tushuntirish berildi.

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Gʻayrat Abdiyev “Taʼlim toʻgʻrisida«gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasining konsepsiyasiga toʻxtalib, mazkur qonunining qabul qilinishidan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun qabul qilinishi natijasida sohadagi qonunchilik hujjatlarida eskirgan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, bir-biriga zid normalar, huquqiy boʻshliqlar bartaraf etiladi va taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining ijtimoiy himoyasi va moddiy taʼminotining huquqiy kafolatlari mustahkamlanadi hamda fuqarolarni taʼlim sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama taʼminlash imkoniyatlari kengayadi.

Seminar va muloqotlarda yigʻilganlarni qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

  • Ko'rildi
    90
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+