O’zLiDeP deputatlari saylov okrugida samarali faoliyat olib borishmoqda

01.11.2023, 14:32

O’zLiDeP deputatlari saylov okrugida samarali faoliyat olib borishmoqda

Bugungi kunda mamlakatimizning qay bir nuqtasiga bormang, barchasida birdek yangilanishlar, yuksalishlar bo‘layotganini ko‘rasiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar zamirida partiyamiz deputatlarining ham alohida o‘rni bor.

Ma’lumki, doimiy tarzda xalq vakillari o‘zining saylangan hududlarida bo‘lib, qabul qilingan qonunlar targ‘iboti, Prezidentimiz boshchiligida ko‘tarilgan masalalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish va saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi saylov okrugida bo‘lish jarayonida ham bir qator dolzarb ishlar amalga oshirildi.  

Jumladan, joriy yilning 27-28 oktabr kunlari O’zLiDeP Siyosiy  Kengashi ijroiya qo‘mitasi Ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xodjayeva O’zbekiston tumanida bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Dastlab tuman hokimligi binosi yig‘ilishlar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi xodimlari, siyosiy partiya vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda deputat tomonidan "O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga alohida to‘xtalib, tushuntirishlar berib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Hususan, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga deputat M.Xodjayeva 10 dan ortiq fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini eshitdi. Fuqarolarning suv, gaz, elektr energiyasi, bank-kredit, uy-joy, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va qayta ta’mirlash borasidagi murojaatlariga shu joyning o‘zida yechim topilgan bo‘lsa, vaqt talab etiladigan murojaatlar mutasaddi tashkilotlar bilan muhokama qilinib hal etiladigan bo‘ldi.

Xalq vakili o‘z saylov okrugidagi faoliyati davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan tegishli tartibda choralar ko‘rilishiga e’tibor qaratib, ularni bartaraf etishda deputatlik nazorati institutidan foydalangan holda o‘z faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+