Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar maqsadli sarflanganmi?

03.11.2023, 16:11

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar maqsadli sarflanganmi?

Avval xabar berganimizdek, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari hududlarda belgilangan jamoatchilik nazorati tadbirlari doirasida muhim masalalarda o‘rganishlar olib bormoqda. Xususan, oktabr oyi davomida ijtimoiy soha ob’ektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini barcha tuman, shaharlar kesimida tizimli o‘rganishlar olib bordi. O’rganishlar damovida aniqlangan muammolar va takliflarning yechimi bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlar ishtirokida deputatlik eshituvlar, doimiy komissiya majlislari va sessiyalarda atroflicha muhokamalar qilindi.

Endilikda O’zLiDeP ishchi guruhlari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab- quvvatlashga doir amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilik nazorati shaklida o‘rganishlarni boshladi. Bunda, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni hududlar kesimidagi maqsadli ishlatilishi, ularning yagona elektron platformasi orqali mablag‘larning ajratilishi, haqiqiy ehtiyojdan hamda moliyalashtirish taklif etilayotgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligidan kelib chiqqan holda, ajratilayotgan mablag‘larni vakolatli banklar va viloyatlar kesimida tezkor qayta taqsimlanish holatiga alohida e’tibor qaratilyapti.

Bu boradagi o‘rganishlar Buxoro viloyatida ham tizimli ishlar boshlab yuborildi.

Partiya viloyat Kengashi vakillari va deputatlardan tarkib topgan ishchi guruh Buxoro shahridagi bir nechta mahallalarda bo‘lib, o‘z faoliyatini boshlagan oilaviy tadbirkorlar faoliyati bilan yaqin tanishmoqdalar. Xususan, partiya ishchi guruhi “Ko‘kaldosh” MFYda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining ijrosini atroflicha o‘rgandilar.

Unga ko‘ra hududdagi oilaviy tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar qoplanishining holati, muammoli kreditlar soni va miqdori, ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi, bunday kreditlar natijasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Shu kuni “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi vakillariga ajratilgan kreditlar miqdori ham tegishli savolnoma asosida o‘rganib chiqildi.

E’tiborlisi, ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi o‘z amaliy natijasini berib turibdi. Masalan, Umida Zokirovalar oilasi tomonidan Xalq bankidan ajratilgan 33 mln. so‘mdan iborat imtiyozli kredit evaziga mehmon uyi tashkil etib, 3 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ishchi guruh a’zolarining M.Tarobiy MFYdagi o‘rganishlari chog‘ida ham yuqorida tilga olib o‘tilgan dasturlarga asosan bajarilgan ishlar batafsil tahlil etilib, mazkur mahallada ham keyingi paytda aniq ishlarga qo‘l urilganligiga ishonch hosil qilindi.

Jumladan, mahallada istiqomat qiluvchi va tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan 13 nafar fuqaroga 379,57 mln so‘mlik kredit ajratilganligiga, buning natijasida esa 32 ta ish o‘rni yaratilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, fuqarolarga ajratilgan kreditlarni o‘z vaqtida qoplash masalasida ham bir qator muammolar mavjud bo‘lib, 4 nafar ayolga ajratilgan kreditni o‘z muddatida qaytarishda qiyinchiliklar sezilmoqda. Bu boradagi pul miqdori 67, 1 mln. so‘mni tashkil etib turibdi. Turgan gapki, mavjud muammolar ishchi guruh a’zolari e’tiboridan chetda qolgani yo‘q.

MFYda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yil uchun ajratilgan 775,7 mln so‘mlik kredit ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish imkonini berayapti. Huddi shunday kredit mablag‘lari shaharning Sifatmuniy MFYga qarashli xonadonlarda istiqomat qiluvchi 18 nafar ayolga jami 427 776 000 so‘m miqdorda kredit ajratilgan. E’tiborlisi, mazkur kredit mablag‘lari evaziga 150 dan ziyod ish o‘rinlari yaratilgan.

Shahardagi B.Naqshband MFY aholisi zich joylashgan hududlardan biridir. Bu yerda 11030 nafar kishi istiqomat qiladi. O’tgan davr mobaynida tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 38 nafar fuqaroga umumiy miqdori 995 mln so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilganligi natijasida 2 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan. 56 nafar fuqaro o‘zini-o‘z band qilish orqali ro‘zg‘ori barakasiga-baraka qo‘shadigan bo‘lgan. Mahalladagi 21 naar fuqaroga tanlagan sohasi bo‘yicha zarur asbob-uskunalar xarid qilib olish uchun 178 mln so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Partiya vakillari shuningdek, “Doktor Rajabov” klinikasi hamda Mahmud Aminovga tegishli poyafzal ta’mirlash ustaxonasi faoliyati bilan ham tanishib, xalq bankidan ularning har biri uchun ajratilgan 30 mln.so‘mlik kredit o‘z samarasini berayotganiga amin bo‘ldilar.

Partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlari a’zolarining joylarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganishlari davom etmoqda. 

  • Ko'rildi
    217
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+