Hosildorlik bo‘yicha O’zbekiston – birinchi! Natijadorlik ham chakkimas

09.11.2023, 12:37

Hosildorlik bo‘yicha O’zbekiston – birinchi! Natijadorlik ham chakkimas

Barchamizga ma’lum: mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta salohiyatga ega. Respublikamiz yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan biri – 25,1 foizi aynan mazkur sohaga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga aholining qariyb 24,9 foizi, ya’ni 3,5 million kishi qishloq xo‘jaligi sohasida ish bilan band.

Binobarin, keyingi yetti yilda Prezidentimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish, fermer va dehqonlarning daromadini oshirish yuzasidan bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sohaning huquqiy bazasini takomillashtirish, mustahkamlashga qaratilgan o‘nlab qaror, farmon va qonunlar, shuningdek, yuzdan ziyod hukumat qarori qabul qilindi, nizom va tartib-tamoyillar ishlab chiqildi.

Jumladan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov ob’ektiga aylantirish puxta yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, barcha yerlar 2 ta toifaga — qishloq xo‘jaligi yerlari va noqishloq yerlarga ajratildi. Bu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov esa har bir yer uchastkasi bo‘yicha “bu yerni olishga kim eng ko‘p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o‘tkaziladi. Bu tanlovda barcha — dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadi.

Agrar islohotlar xususida so‘z yuritar ekanmiz, Prezidentning 2019 yil 17 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini alohida tilga olish joiz. Unga muvofiq yillar davomida foydalanishdan chiqib ketgan 1,1 million gektar maydonni 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich foydalanishga kiritish belgilangan edi. Tizimli chora-tadbirlar natijasida 2019-2021 yillarda jami 363,4 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari qayta foydalanishga kiritilgan bo‘lsa, 2,4 million gektar maydonda tuproq sifatini baholash ishlari olib borildi. Bugungi kunda 690,3 ming gektarda shunday jarayonlar davom etmoqda.

2016-2020 yillarda past rentabelli 330,5 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, ularda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida shu yillar davomida sabzavot ishlab chiqarish 103, kartoshka 114, poliz ekinlari 110 foiz, dukkakli mahsulotlar 3,6 barobar, moyli ekinlar 240, chorva ozuqasi 191, meva 107,4 va uzum yetishtirish hajmi 106 foiz o‘sdi.

O’zlashtirilgan va lalmi, paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlar hamda yaroqsiz bog‘-tokzorlar bo‘lgan 69,6 ming gektar maydonda intensiv mevali bog‘ va 57 ming gektar tokzor barpo etildi. Bu yil ushbu ko‘rsatkich yanada oshib, bahor mavsumida 63,8 ming gektar mevali bog‘ va 37,5 ming gektar tokzor yaratildi.

Eng muhimi, yurtimizda fermer va dehqon xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada talay mexanizmlar joriy qilindi. Fermer va dehqon xo‘jaliklariga imtiyozlar, yengilliklar berilyapti. Zarur urug‘lik, mineral o‘g‘it va boshqa resurslar fermerning dalasi boshigacha yetkazib berilib, barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatilyapti. Bugun sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari soni 107 mingdan oshdi. Bu 2017 yilga nisbatan 40 foizga ko‘p, demakdir. Qisqacha aytganda, bugungi kunda yurtimiz dehqonu fermerlari faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilindi.

Xolisona e’tirof etish kerak: O’zbekistonning yaqin tarixida agrar soha bunchalik qo‘llab-quvvatlanmagan, bunchalik katta e’tibor qaratilmagan edi. Misli ko‘rilmagan e’tibor va rag‘bat esa misli ko‘rilmagan natijalarga zamin yaratdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bir gektar ekin maydonidan olingan hosil miqdori bo‘yicha O’zbekiston qishloq xo‘jaligi borasida ko‘plab ilg‘or mamlakatlarni, jumladan, Argentina, AQSh, Fransiya, Braziliya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqalarni ortda qoldirib, BIRINChI O’RINGA ChIQDI! Bu yutuq agrar sohaga oid siyosatning nechog‘li oqilona ekanligini, islohotlarni to‘g‘ri belgilab olganimizni yana bir bora namoyish etmoqda.

Erishilgan mazkur muvaffaqiyat chegara emas. 2022-2023 yillarda 193 ming gektar yer maydonlarining aholiga ijaraga berilishi hisobiga qo‘shimcha 2,5-3 mln tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi, shu yili qo‘shimcha 100 ming gektar yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi evaziga hosildorlikning 10-15 foizga oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda 428 trln so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda 2022 yilga nisbatan 3,7 foizga o‘sishi kutilyapti.

2024 yilda tegishli dasturlar asosida talay ishlar amalga oshirilishi ham e’tiborga molik. Paxtada 8 ta va g‘allada 12 ta yangi, tezpishar, serhosil navlarni tanlash va joylashtirish, paxta va g‘alla maydonlarining 40-50 foizida zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni tatbiq qilish hisobiga paxta hosildorligi o‘rtacha 6 foizga oshiriladi. Sabzavotchilikda 30 ming gektarda intensiv usulda mahsulot yetishtirish hamda g‘alladan bo‘shagan 780 ming gektar ekin maydonlarida takroriy ekinlarni ekish tadbirlari bajariladi. Sug‘orish tizimini rivojlantirish va cheklangan suv resurslarini iqtisod qilish chora-tadbirlari doirasida kelgusi yilda sug‘orish tizimini tiklash va suv hisobini yuritishga 3 trln so‘m ajratilyapti. Boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilishi ham mo‘ljallanyapti.

Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “O’zbekiston – 2030” strategiyasida mazkur boshlangan islohotlar yana davom ettiriladi. Strategiyaning qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish masalasida ham qator tashabbuslar ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, qishloq xo‘jaligi sohasida eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Xulosa shuki, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning farovon turmush kechirishi, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qilyapti. Eng muhimi, bu yangilanish va o‘zgarishlarni odamlar o‘z hayotida sezmoqda.

Baxtiyor RUHITDINOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Biznes

tuzilmalar va fermerlar bilan ishlash bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    136
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+