Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirildi

10.11.2023, 15:50

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirildi

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Sirdaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvlari davomida Guliston shahrida joylashgan Halimova Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida bo‘lib, ushbu maktab faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Partiya yetakchisi maktab direktori va o‘qituvchilar bilan muloqotda Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari, jamiyatda xotin-qizlarning yanada faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi. Mazkur hujjatda gender tenglik masalasi ham o‘rin olganligi alohida e’tirof etildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilayotgani gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkon beradi.

Umuman olganda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.

Muloqotda partiya yetakchisi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga partiya quyi bo‘g‘inlari, hududiy kengashlar vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari o‘z takliflari bilan faol ishtirok etganini alohida e’tirof etdi.

  • Ko'rildi
    108
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+