Yangi Konstitutsiyada yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid yangi normalar xususida ma’lumotlar berildi

07.12.2023, 18:06

Yangi Konstitutsiyada yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid yangi normalar xususida ma’lumotlar berildi

O’zLiDeP Ohangaron tuman Kengashi tashabbuskorligida O’zekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yillik bayramiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi.

“Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan tadbirda Ohangaron tumani Nurobod shaharchasidagi harbiy qismda xizmat o‘tayotgan harbiy zobit va askarlar, 1-sonli kasb-hunar kolleji pedagog va o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan partiya Ohangaron tuman Kengashi apparat rahbari Madxiya Nishanova yig‘ilganlarni Asosiy Qomusimiz qabul qilingan sana munosabati bilan tabriklarkan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida qanday yangi normalar kiritilgani haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 78 va 79-moddalari yoshlarga oid alohida normalar bilan to‘ldirildi.

Xususan, davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy va ma’naviy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi, degan norma kiritildi. Ushbu norma jamiyatning tinchligi, yakdilligi hamda davlatning barqaror rivoji uchun muhimdir, va aksincha, aynan ushbu vazifaga e’tiborsizlik jamiyat, millat va xalqning tanazuliga, davlatning parchalanishiga yo‘l ochadi.

Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, degan norma mustahkamlandi. Biz demokratik, huquqiy davlat qurishga intilar ekanmiz, bunga kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning huquqlarini himoya qilmasdan turib, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ta’minlamasdan turib, hech qachon erisha olmaymiz.

Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joy, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan norma kiritildi.

Mazkur normalar, nafaqat yoshlarimiz manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning farovon taqdiri uchun muhimdir.

Tadbirda yoshlar vakillari ham so‘z olib, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni alqasharkan, yangilangan Konstitutsiyada ham alohida bob ajratilgani xususidagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. O’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    177
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+