Samarqandda partiyaning o‘tgan yillardagi faoliyati sarhisob qilindi

07.12.2023, 18:17

Samarqandda partiyaning o‘tgan yillardagi faoliyati sarhisob qilindi

O'zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan Yoshlar markazida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan  “Yangi konstitutsiya – ulkan mas’uliyat demakdir” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O'zLiDeP partiya faollari, xalq deputatlari viloyat tuman va shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, partiya Faxriylar Kengashlari a’zolari va Ayollar, Yoshlar qanotlari faollari, hamkor tashkilotlar vakillari  ishtirok etdi.

Tadbirda O'zLiDeP Samarqand viloyat Kengashining birinchi o‘rinbosari apparat rahbari Ilhom Botirov so‘zga chiqib Konstitutsiya takomillashtirilishi jarayoni, bunda xalqimizning, jumladan, O'zLiDePning faol ishtiroki, isloh qilingan Bosh qomusimizdan o‘rin olgan yangi normalar va ularning hayotimizdagi ulkan ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Konstitutsiyamizdagi inson qadr-qimmati va huquqlari, aholi ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishining yanada mustahkamlanishi, ta’lim sohasi yuksalishi, ayollar, yoshlar, mahallalarning jamiyatimizdagi rolini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar, yangi Konstitutsiyaning nihoyatda xalqchilligini ta’minlagan muhim jihatlar, omillarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida O'zLiDeP tashkil topganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbir ham bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda O'zLiDeP Samarqand viloyatidagi 1400 ta tashkilotlarda 120 mingga yaqin a’zolarni o‘z safida birlashtirib, viloyatda yetakchi siyosiy kuchga aylangan.

Shuni alohida qayd etish lozim, O’zLiDePning mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tashabbuskorligini va “O’zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyoti asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilab bergan dasturiy maqsadlarni  bajarishda faol ishtirok etishi, xususiy mulk daxlsizligini va tadbirkorlik faoliyatining erkinligini ta’minlash, tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, partiyaning barcha tuzilmalari va bo‘g‘inlari faoliyatini ushbu maqsadlarga yo‘naltirish bugungi kunda O’zLiDeP oldida turgan bosh vazifalardan biriga aylanganligini qayd etishimiz lozim.

Tadbir yakunida O’zLiDeP tashkil topganligining 20 yilligi munosabati bilan faol partiya a’zolari, partiya Faxriylar Kengashlari a’zolari va deputatlarga O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining tashakkurnomalari va estalik sovg‘alari topshirildi.

Nasiba Mo‘minova,

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    101
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+