Yangi Konstitutsiya – barqaror taraqqiyot kafolati

07.12.2023, 18:36

Yangi Konstitutsiya – barqaror taraqqiyot kafolati

Urganch davlat pedagogika institutida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, O’zLiDeP a’zosi Nigora Kutlimuratova, Oliy Majlis  Senati a’zosi Farog‘at Sa’dullayeva, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi o‘rinbosari Sevara Xudayberganova, Urganch shahar hokimi o‘rinbosari Barno Berdiyevalar ishtirokida Konstitutsiyamizning 31 yilligi munosabati bilan “Yangi Konstitutsiya – barqaror taraqqiyot kafolati” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash, innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Inson manfaati, insonparvarlik tamoyili asosida qabul qilingan Bosh qomusimiz mamlakatimizda yangi rivojlanish davrini boshlab berdi.

Asosiy qonunimizda inson qadri, uning huquq va qonuniy manfaatlari kafolatlari bilan bog‘liq belgilangan normalar mamlakatimizning chinakam demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda so‘z olgan deputatlar yoshlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ahamiyati, “O’zbekiston — 2030 strategiyasi” ijrosi doirasida mamlakatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.

Mehmonlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, gender tengligi hamda ayollarga beriladigan himoya orderi kabi bir qator masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar ham bildirildi.

Qizg‘in savol-javoblar davomida tadbir ishtirokchilari yangi tahrirdagi Konstitutsiya O’zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlashda, fuqarolar huquqlari kafolatlarining mustahkam huquqiy asoslarini shakllantirishda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladilar.

  • Ko'rildi
    81
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+