Qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zahiralari yaratilganligi holati bo‘yicha mutasaddilar hisoboti eshitilmoqda

15.12.2023, 10:50

Qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zahiralari yaratilganligi holati bo‘yicha mutasaddilar hisoboti eshitilmoqda

“O’zbekiston – 2030” strategiyasining “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida viloyat, tuman (shahar) Kengashlaridagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Sh.Rashidov tumanida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish bo‘yicha qilingan ishlar, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zahiralari yaratilganligi holati bo‘yicha tumanda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘rganish olib borildi.

O’rganishlar jarayonining bir qismi sifatida ushbu masala yuzasidan tumanda mas’ul hisoblangan mutasaddilar - tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Umarov, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Dadajon Rashidov, tuman hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G’ulom Xidirovlarning hisobotlari ham eshitildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar tomonidan ta’kidlanganidek, tumanda istiqomat qilayotgan 241 ming 509 nafar aholi ehtiyoji uchun 12.7 ming tonna kartoshka, 10 ming tonna piyoz, 8 ming tonna sabzi,  2.5 ming tonna guruch, 21 ming tonna un,  2.1 ming tonna o‘simlik yog‘i talab qilinadi. Shu sabab, yil davomida aholi ehtiyojini ta’minlash uchun tizimli ravishda ish olib borildi.

Natijada qo‘shimcha 7.1 ming tonna kartoshka, 10 ming tonna piyoz, 1.9 ming tonna sabzi yetishtirildi. Mahsulotlar zahirasini ta’minlashda aholi tomorqalaridan unumli foydalanishga ham e’tibor qartildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, umumiy maydoni  2045,0 gektar aholiga tegishli  tomorqa yerlaridan 10 977,4 tonna sabzavot, 6 736,5 tonna kartoshka, 6 120,1 tonna poliz, 1324,8 tonna dukkakli mahsulotlari yoki umumiy hisobda 66 511,4 tonna mahsulot yetishtirilgan.

2022-2023 yillar davomida 2.5 ming nafar dehqon xo‘jaliklari uchun ajratib berilgan 952 gektarga oziq-ovqat ekinlari ekish hisobiga 18.5 ming tonna maxsulot (shundan 1.0 ming tonna piyoz, 1.0 ming tonna sabzi),  15 ming tonna poliz, 750 tonna kartoshka, 250 tonna moyli, 500 tonna dukkakli ekinlar hosili yetishtirilgan.

 2019-2022 yillar davomidar 2 ming 812 gektar yerlar o‘zlashtirildi. Joriy yilda ham 686 gektar yerlar o‘zlashtirilib, oziq-ovqat ekinlarini ekish hisobiga 8 ming tonna atrofida sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va dukkakli ekinlar yetishtirildi. Shuningdek,  fermer xo‘jaliklarining dala chetlaridan samarali foydalanishga ham e’tibor qartilmoqda.

Tumandagi 332 ta fermer xo‘jaliklarining 1459 gektar dala chetlaridan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, chet davlatlardan ham oziq-ovqat mahsulotlari kirib kelayapti.

Biroq, muammolar ham yo‘q emas. U ham bo‘lsa, mahsulotlarni saqlash imkoniyatlari juda ham cheklanganligi, ya’ni tumanda quvvati 5 ming tonna bo‘lgan 5 ta omborlar mavjud bo‘lib, ushbu muammoning oldini olish maqsadida tumanimizda quvvati 250 ming tonna bo‘lgan logistika markazi, qolaversa viloyatdagi 48 ta mahallaning har birida 1 tadan muzlatgichli omborxonalar tashkil qilinmoqda.

«Bir hudud — bir mahsulot» tamoyili asosida ixtisoslashgan hududlarda mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yig‘ilish davomida mutasaddilar hisobotini qoniqarli, deb topgan deputatlar, ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, ushbu masala yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini, ishlar sifatini oshirishga oid tavsiya va takliflarini ham bildirib o‘tdilar.

Xolbek ASATOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Siyosiy ta’lim va deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    98
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+