Bilimdon va iqtidorli yoshlar Vatan egalaridir

04.01.2024, 12:27

Bilimdon va  iqtidorli yoshlar Vatan egalaridir

Prezidentimiz tomonidan 2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi yangi hayotni, Yangi O’zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etilayotganining yana bir tasdig‘idir. Joriy yilda inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish  asosiy vazifa sifatida e’tirof etilmoqda.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlarning sifatli ta’lim va tarbiya olib, barkamol insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari, ularning tashabbus va g‘oya larini  qo‘llab-quvvatlash, xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitishiga ko‘maklashishga alohida ahamiyat qaratiladi.

Partiya dasturiy maqsadlarini tengqurlarim o‘rtasida targ‘ib qilish asnosida anglab yetdimki, uyda o‘tirgan, ishsiz yoshlar, afsuski, oramizda kam emas. Ularning bandligini ta’minlash borasida tinimsiz izlandim. Partiyaviy loyihalarda qatnashib, sohadagi yangiliklardan boxabar bo‘lgach, tadbirkor bo‘lishga ahd qildim.  Faoliyatimni yo‘lga qo‘yishda menga partiya loyihalari yaqindan yordam berganini e’tirof etishim lozim. Chunki ko‘rik-tanlovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashib, vohaning taniqli ishbilarmonlari bilan tanishib, bilim va tajribamni oshirdim. Nihoyat, 2010 yilga kelib qalbdagi orzularim ijobat bo‘ldi. Yakkabog‘ tumanidagi “SITORA IMKON PLYUS” nodavlat ta’lim muassasasiga asos soldim. Dastlabki yillarda chekkan azoblarimni aytsam, hech kim ishonmaydi. U paytlar tadbirkor uchun bugungi kundagidek imtiyoz va erkinliklar yo‘q edi-da. Qiynalgan kezlarimda partiyamiz doimo ko‘mak berdi, himoya qildi.

O’tgan o‘n to‘rt yil mobaynida nodavlat ta’lim muassasamizda 21 mingdan ortiq yoshlar 18 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlikka oid kasbiy malakalarini oshirib, tumanimiz, viloyat va respublikamizning turli hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi. Vohada kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali yosh qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida eng chekka qishloqlarda yashovchilarga tikuvchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, to‘quvchilik, pazandachilik, uy hamshirasi, kompyuter savodxonligi, zamonaviy pardalar tikish, gilamchilik, sartaroshlik va shunga o‘xshash bir qancha kasb-hunarlarni o‘rgatib kelmoqdaman. Kam daromadli oila a’zolari, imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan yoshlarga bepul kasb-hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘yganmiz. Keyinchalik  “Aslzoda” go‘zallik saloni va tikuv sexi tashkil etib, 36 nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minladim. Ularning hayotiga mazmun kiritganim, ertangi kuniga ishtiyoq uyg‘ota olganimdan behad baxtiyorman. 

Yakkabog‘ tumanida yashovchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 100 nafar,   “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 200 nafar ishsiz fuqaroga kasb-hunar o‘rgatdik. Muassasamizda “Ayollar daftari”dagi 15 nafar, “Yoshlar daftari”dagi 5 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlangan.

Xalq deputatlari Yakkabog‘ tumani kengashi deputati sifatida  saylov okrugidagi fuqarolarning murojaatlari asosida hududdagi  muammolarni ijobiy hal etish borasida amaliy ishlar qilmoqdaman.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” yanada samarali va manfaatli,  O’zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlikni ta’minlash, har bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va ardog‘ida bo‘ladigan yil bo‘ladi. Ishonamanki, unga hamohang tarzda partiyamizning hayotbaxsh dasturlari yurt ravnaqi, el farovonligiga xizmat qilaveradi.

Nargiza SALOMOVA,

Yakkabog‘ tumanidagi “SITORA IMKON PLYUS”

nodavlat ta’lim muassasasi rahbari, tuman kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+