Imtiyoz va imkoniyat ortidan sog‘lom raqobat muhiti shakllanishi shart

11.01.2024, 10:37

Imtiyoz va imkoniyat ortidan sog‘lom raqobat muhiti shakllanishi shart

Paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgach, yerdan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilib, hosildorlik keskin ortdi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar asosida yerlar tekislangach, suv sarfi kamaydi, fermer xo‘jaliklarining iqtisodi yuksaldi. Ammo keyingi yillarda klasterlar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi munosabatda ayrim anglashilmovchiliklar yuzaga kelgan edi. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2023 yil 12 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, qishloqxo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni bozor tamoyillari asosida takomillashtirishga oydinlik kiritdi deyish mumkin. Unga ko‘ra, paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida mahsulot yetkazib be­o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq normativlari doirasida respublika tovar-xomashyo birjasining “paxta xomashyosiseksiyasi”da har bir hudud bo‘yicha o‘tkaziladigan savdolar natijalariga qarab tuziladigan bo‘ldi. Endilikda paxta yetishtiruvchi shartnomada ko‘rsatilgan hajmdan ko‘p yetishtirilgan paxta xomashyosini shartnoma tuzmagan holda ham birja orqali tadbirkorga sotishi mumkin.

Fermer xo‘jaligi yer ijarasi, fyuchers va kredit shartnomalarida ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajara olmasa, o‘z mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda fermer xo‘jaligiga mol-mulk qonunchiligiga muvofiq subsidiar javobgarlik yuklatiladi.

Shu yil hosilidan boshlab, paxta xomashyosini yetishtirish, yig‘im terimi va xaridi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangidan tashkil etiladigan respublika shtabi paxta hosilini sotib olish va sotish bo‘yicha yangi tizimning shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda paxta yetishtiruvchi manfaatini ta’minlashda mas’ul hisoblanadi. Paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish ustidan nazorat qilish, saqlash, realizatsiya qilish, mahsulotlarni birja savdosiga chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

Klasterlarni tashkil etishda yangilangan tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, klasterlikka talabgorlar ip-kalava, trikotaj mato, gazlama, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, bo‘yash quvvatlarini kamida ikki bosqichda yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi kerak. Shu yildan klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan paxta xomashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi va paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi joriy etiladi. 2024 yili paxta hosilidan boshlab elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta xomashyosi va ishlab chiqarilgan paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi ishga tushiriladi. Klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xomashyosi o‘zlarining texnik jihatdan malakaliligi ma’qullangan laboratoriyasida yoki shu talabga javob beradigan boshqa laboratoriyalarda tahlil etilib, qabul qilishga ruxsat etiladi.

Fermer xo‘jaliklariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun avval ajratilgan kreditlar ta’minoti sifatida qabul qilingan klasterlarning kafilligini fermer xo‘jaliklarining likvidli mol-mulk garovi bilan almashtirishga ruxsat beriladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kreditlardan 2024 yildan qaytgan mablag‘lar suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Klasterlar paxta hosilini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiriladigan yakuniy hisob-kitobning 20 foizini moliya yilining 31 dekabriga qadar o‘tkazib berishga majburligi fermerlarning ishga munosabatini tubdan o‘zgartirib, yanada samarali faoliyat olib borishiga rag‘bat beradi.

Yillar davomida oqova suv tanqisligidan cho‘chib qolgan bobodehqonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash “O’zbekiston – 2030” strategiyasidan o‘rin olgan ustuvor vazifalardan sanaladi. Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari fermer xo‘jaliklarining mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash mahsulotlari bo‘yicha o‘tkaziladigan birja savdolarida ishtirok etishiga ko‘maklashadi.

Joylardagi kengashlarimiz tashkilotchiligida qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari bo‘yicha ma’lumotlarni keng jamoatchilikka muntazam yetkazish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 23 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terim xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham sohada muhim qadam bo‘ldi. Shu yildan Qishloq xo‘jalik vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyilida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi – “Agroplatforma” AT ishga tushiriladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, jamg‘arma resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlari uchun ajratiladigan kreditlarning miqdori agrotexnik tadbirlar uchun zarur bo‘ladigan mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va kimyoviy vositalarning narxlar dinamikasini tahlil etib, shuningdek, agrotexnik xaritalardan kelib chiqqan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Jamg‘arma tomonidan oyma-oy belgilanishi moliyaviy ko‘mak berishda shaffoflikni ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, klasterlar va fermer xo‘jaliklariga berilayotgan imtiyozlar viloyatlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi,

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

  • Ko'rildi
    44
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+