Dehqonobodlik tadbirkor 1 gektar maydonda limonzor barpo qildi

23.01.2024, 11:50

Dehqonobodlik tadbirkor 1 gektar maydonda limonzor barpo qildi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi a’zolari Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishishdi.

Karashina mahallasida yashovchi Odil Doniyev katta yo‘l yoqasidagi sayxonlikda limonzor tashkil etgan ekan. 1 gektar maydonga 2 ming dona limon ko‘chati ekib, har yili 4-5 tonna sifatli hosil olmoqda. Limonlarning oldi hosilga kirgan. Oqova suv bu yerlarda mutlaqo yo‘q. Mashinada hovuzga to‘ktirib, quvurlar orqali tomchilatib sug‘orishadi. Limon ko‘chati yetishtirib, katta daromad qilayotgan oilaviy tadbirkorlar ham bor. Bir yoshli bir tup limon ko‘chati 25 ming so‘m sotilmoqda.  Ayridevol MFY Chambil qishlog‘ida yashovchi Ixtiyor Azimov 6 sotix maydonda 4400 dona kovrak ko‘chatini ekib parvarishlayapti. Oilaviy tadbirkor yetti yildan so‘ng kovrak hosil bera boshlagach, har yili katta daromad qilishni rejalayapti. Mahallada ko‘pchilik kovrak ko‘chati yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bir kilogramm kovrak urug‘i ekilsa, 50 ming dona ko‘chat yetishtirish mumkin. Tomorqa yer egasi Dilafro‘z Azimovaning ta’kidlashicha, ikki yillik kovrak ko‘chati 3 ming so‘mdan sotilmoqda.

Katta O’ra daryosi yoqasidagi Bozortepa qishlog‘i bog‘bonlari uzumdan mo‘l hosil olishib, ro‘zg‘orlariga baraka kiritishayapti. Oqrabot qishlog‘ida yashovchi Ismoil Qulnazarov 5 kamerali 12 tonnalik sovutkich qurmoqchi ekanligi, kelgusida yetishtirilgan kishmishi, toifi uzumlarini shu yerda saqlab, qish oylarida yaxshigina narxda sotib, olgan daromadi evaziga  olgan moliyaviy ko‘magini to‘lamoqchi ekanligini bildirdi. Unga bankdan kredit olishga  amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.

Muloqotlar chog‘ida ishchi guruh a’zolari tomonidan inkubatordan jo‘ja ochtirib, parvarish qilish, tog‘ sharoitida echkichilikni rivojlantirish, “Dehqonobod qulupnay maktabi”ga asos solish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

  • Ko'rildi
    46
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+