Yangi O’zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat

30.01.2024, 10:06

Yangi O’zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat

Ayni kunlarda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi, hududiy va tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan joylarda deputatlik va jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan partiyaning Jizzax viloyat Kengashida “O’zbekiston - 2030” strategiyasining beshinchi yo‘nalishida  belgilangan 90 – maqsadi yuzasidan ochiq muloqot  tashkil etildi.

 Ochiq muloqot davomida so‘zga chiqqanlar, O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida dasturiy g‘oyalar va davlatimiz rahbari ko‘targan tashabbuslar o‘z aksini topayotganiga, O’zbekiston tashqi siyosatda ilgari surayotgan tashabbuslar faqat mamlakatimiz uchun emas, balki Markaziy Osiyo davlatlari rivojlanishi uchun ham muhim hisoblanishiga alohida e’tibor qaratdilar.

Ochig‘ini aytish kerak, uzoq yillar davomida qo‘shni davlatlar bilan bordi keldilar ancha kamaygan, chegaralar yopilgan tarzda yashashga majbur bo‘ldik. Biroq, so‘nggi yillarda vaziyat tubdan o‘zgardi. Bugungi kunda yon qo‘shnilarimiz bilan ishonch va hurmatga, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan pragmatik siyosat olib borilmoqda.

 Ayni paytda Jizzax viloyatida ko‘plab millat vakillari tinch-totuv, bahamjihat umrguzaronlik qilmoqdalar.  Viloyatda 6 ta ( qirg‘iz, tojik, qozoq, rus, tatar va koreys) Milliy-madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan do‘stona aloqalarni kuchaytirish maqsadida  “O’zbekiston bag‘rikeng diyor” nomi ostida konsert, qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmalari, turli millatlar vakillari ishtirokidagi sport tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Asrlar davomida qon-qardosh, quda-anda bo‘lib yashagan qo‘shni xalqlar o‘rtasida azaliy bordi keldi tiklanib, o‘zaro hamkorlik kuchayishi xalqaro maydonda  davlatimiz nufuzi yanada oshishiga sabab bo‘lmoqda.

2024 yilda ham tinchliksevarlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan xalqaro aloqalar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Buni Prezidentimiz boshchiligidagi O’zbekiston delegatsiyasining Xitoyga qilgan rasmiy tashrifi misolida xam ko‘rsak bo‘ladi. Chin yurtida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, rasmiy forumlarda viloyatimiz hokimi Ergash Saliyev boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etdi. Tashrif davomida Prezidentimiz ishtirokida Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqarishga ham start berildi.

So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan ham savdo-sotiq, madaniy-ma’rifiy aloqalar kundan kun rivojlanib bormoqda. Eng muhimi qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, quda-andachilik, yaxshi qo‘shnichilik an’analari qayta tiklandi. Bu esa xalq diplomatiyasini amaldagi yaqqol ko‘rinishidir.

Ochiq muloqot davomida viloyatimizda faoliyat olib borayotgan Milliy-madaniy markazlar vakillari ham so‘zga chiqib, yurtimizda  istiqomat qilayotgan barcha xalq vakillari “O’zbekistonni – umumiy uyimiz” deb bilishlarini, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib o‘tdilar.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+