Aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi

02.02.2024, 17:06

Aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi

Namanganda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatga xorijiy investitsiyalar kirib kelishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish, qo‘shma korxonalar ochish, eng zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatish, shu asosda jahon bozori talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Namangan viloyatida uchrashuvlari davomida yirik sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari, klasterlar, fermerlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Partiya yetakchisi Namangan shahridagi «Fazman tekstil» korxonasi jamoasi bilan muloqot  o‘tkazdi. Hozirda bu yerda 40 mln dollar qiymatga ega bo‘lgan loyiha ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Germaniya va Turkiya davlatlaridan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatilgan. Korxonada yiliga 1 mln dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, 3 ming kishilik yangi ish o‘rinlari yaratish, yillik eksport hajmini esa 15 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Ayni kunlarda ushbu korxonada mashhur brend ostida kostyum-shim, shuningdek, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

A.Xaitov muloqot ishtirokchilariga mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘zlab berdi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rilayotgan yangi qonunlar, Davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq respublikasiga qilgan tashriflarida imzolangan hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida ham fikr bildirildi.

Uchrashuv davomida “O’zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi ham muhokama qilinib, korxona ishchi-xodimlari o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar.

 

  • Ko'rildi
    108
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+