Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish davr talabi

09.02.2024, 15:57

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish davr talabi

 Joriy yil 2 fevral kuni qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning vakolatlarini kengaytirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.

Xususan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hisobdorligi va mas’uliyatini oshirish maqsadida mahalliy vakillik organlariga 10 dan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.

Mazkur vakolatlarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun 2021 yilda mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etilib, ular tomonidan bugungi kunda 6,5 ming nafardan ortiq deputatlarga tashkiliy, axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashib kelinmoqda.

Ta’kidlash joizki, mahalliy Kengashlarning ushbu vakolatlarini amalga oshirishda deputatlar va kotibiyat xodimlaridan mustahkam siyosiy-huquqiy bilimlar talab etiladi.

Albatta, bugungi kunda ham Oliy Majlis Senati vakillik organlari faoliyatiga uslubiy-amaliy jihatdan ko‘maklashib, mahalliy Kengashlar kotibiyatlarining faoliyatini samarali tashkil etish, nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazib borilmoqda.

Ushbu amaliyotni izchil davom ettirish ayni muddao bo‘lardi.

Farmonda ushbu masalaga ham e’tibor qaratilgan, mahalliy Kengash deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quvlarni tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.

Bu borada amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida Yangi O’zbekiston mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi.

 Farmonda mahalliy Kengashlar binolariga va ularni moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni ishlab chiqish belgilangan.

Mahalliy Kengashlar faoliyatining dastlabki davrlarida deputatlar, doimiy komissiyalarning faoliyati uchun xona, tegishli jihozlar ajratilmagan bo‘lib, zaruriy sharoitlar yaratilmagan edi.
Bu esa, o‘z navbatida ularning faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Oxirgi yillarda ayniqsa mahalliy kengashlar faoliyatini tashkiliy -texnik ta’minlash maqsadida kotibiyatlar tashkil etilgandan keyin Oliy Majlis Senati hamda mahalliy hokimliklar tomonidan Kengash hamda uning kotibiyatlari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Yangi Konstitutsiyada joriy yilgi saylovlardan keyin viloyatlar va Toshkent shahrida, 2026 yildan esa tuman va shaharlarda hokimlarning kengashga rahbarlik qilish amaliyotining bekor qilinishi belgilandi. Shu bilan birga, Kengashlarning vakolat va funksiyalarining kengayishi, ularning faoliyati uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Nodira Karimova,
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi
kotibiyat mudiri,
O’zLiDeP faoli

  • Ko'rildi
    88
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+