Mahalliy Kengashlar vakillarining mas’uliyati yanada oshmoqda

09.02.2024, 16:40

Mahalliy Kengashlar vakillarining mas’uliyati yanada oshmoqda

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar  asnosida  “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil izchillik bilan hayotga joriy qilinmoqda.

Joriy yil 2 fevral kuni qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ayni kunlarda ushbu tarixiy farmon bilan belgilab berilgan yangi model -  “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar nafaqat mahalliy Kengashlar deputatlari, balki keng jamoatchilik vakillari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda, o‘rganilmoqda.

Bu bejiz emas, chunki bu mahalliy Kengashlarga berilayotgan qo‘shimcha vakolatgina emas, balki ular zimmasiga yuklanayotgan ulkan mas’uliyat hamdir. Endi saylovchilar ham o‘z vakillariga ovoz berishar ekan, bo‘lajak deputatdan  aniq natijalarni talab qilish imkoniga ega bo‘lishadi.

Farmon bilan jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.

Birgina ta’lim sohasini olib ko‘raylik. Endilikda tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror aynan  mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi. Muayyan hududdagi ehtiyojni har tomonlama o‘rgangan holda, qaysi hududda, mahallada yangi maktab yoki bog‘cha tashkil etish kerak, qaysi birini kengaytirish,  qaysisini tugatish kerakligini aholi irodasining ko‘zgusi bo‘lmish  xalq vakillari hal etadi.

Umuman olganda, Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi mahalliy Kengashlar ish samaradorligini oshirish, joylardagi aholi manfaatlarini himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish imkonini berishi shubhasiz.

Farhod Odilov,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisining o‘rinbosari,

xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    115
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+