Hokimiyatlar muvozanatini ta’minlashning eng to‘g‘ri va maqbul yo‘li

13.02.2024, 09:35

Hokimiyatlar muvozanatini ta’minlashning eng to‘g‘ri va maqbul yo‘li

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning beshinchi bo‘lim 22-bobida “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari” hamda “O’zbekiston-2030” strategiyasining tegishli maqsad va yo‘nalishlarida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati bo‘yicha ham bir qator ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topgan. Joriy yil 5 fevral kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu ikkala muhim hujjatning mantiqiy davomi bo‘lib hisoblanadi. Qolaversa u xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning vakolatlarini kengaytirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatdir.

Diqqatga sazovor tomoni shundaki, Prezident farmoni bilan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berilib, ayniqsa, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi. 

Ushbu Farmonda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model –“Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilganliga, xususan, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hududning infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilayotganligi ham maqsadga muvofiq deb hisoblandi. Shu tariqa jamiyat manfaatlariga bevosita daxl qiluvchi masalalarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mas’ulligi yanada oshadigan bo‘ldi.

Farmonda belgilangan tartiblarga ko‘ra, mahalliy Kengashlar o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Endilikda mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi Kengashlarni hududlardagi aholining huquq-manfaatlarini ishonchli himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan muammo va masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish, viloyat, tuman va shahar hokimining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati darajasida bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar samarali ishlashiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdorlarining holati va kayfiyatiga qarab ish tutmasligiga xizmat qiladi.

 Negaki, mahalliy Kengashlar deputatlari hamyurtlariga eng yaqin bo‘lgan, aholini qiynayotgan va o‘ylantirayotgan muammolar sabablaridan yaxshi xabardor bo‘lgan xalq vakillari hisoblanadilar. Prezidentimiz Farmoniga binoan, ularga yanada keng vakolatlar berilishi, shubhasiz, deputatlarning haqiqatdan ham xalq vakili sifatida ish olib borishiga mustahkam asos bo‘ladi. 

Usmonjon Shamuratov,
 O`zLiDePBuxoro tuman Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashi deputati

 

  • Ko'rildi
    47
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+