Agrar sohada islohotlar izchil davom etadi

15.02.2024, 17:44

Agrar sohada islohotlar izchil davom etadi

Bu hammamizga ayon haqiqat aslida. Qaysi soha vakili bo‘lmasin, shu yurt, shu xalq tinchligi, farovonligi yo‘lida halol xizmat qilmog‘i shart. Shu ma’noda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitovni kamdan kam hollardagina poytaxtda uchratish mumkin. Undayam o‘zi rahbarlik qilayotgan parlament quyi palatasidagi yirik fraksiyada jiddiy siyosiy muhokamalar yo  yalpi yig‘ilishlar jarayonida ishtirok etish uchun yetib keladi.

Xullas, o‘tayotgan haftada ham partiya liderining ish vaqti o‘ta tig‘iz ekaniga quyidagi jonli muloqotlar, uchrashuvlar misol bo‘la oladi. Orolbo‘yidagi Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qayerda-yu, vodiyning Farg‘ona, Andijon viloyatlari qayerda? Lekin hammasiga ulgurish kerak.

XORAZM viloyati Xiva tumaniga qarashli Istiqlol mahallasidagi xonadonlarda tashkil etilgan issiqxonalar ta’rifiga til ojiz. Masalan, o‘z hovlisidagi 10 sotix joyda issiqxona qurgan Shukurjon Otajonova ayni qish pallasida pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va boshqa mahsulotlar yetishtirib, ichki bozorga sotib daromad topayotir.

Yana bir oila bekasi Hajarbiyi Quryozova o‘zlariga tegishli uyni oilaviy mehmonxona sifatida tashkil qilib, mahalliy va xorijiy mehmonlarni Xivaning go‘zal tabiati, noyob obidalari va qadamjolari bilan tanishtirishda beminnat xizmat ko‘rsatayotgani ko‘pchilikni quvontirmoqda. Qolaversa, ular ham qo‘shnilariga havas qilib, o‘n sotixli issiqxona qurib, turli xil ko‘katlar, ismaloq, kartoshka yetishtirishmoqda.

Aktam Xaitov o‘zaro muloqotda bunday oilalarning ish tajribasi bilan yaqindan tanishish bahonasida partiya va mahalla faollari bu borada aholining barcha qatlamlari ishtirokida foydali mahorat darslarini ko‘proq uyushtirish lozimligini ta’kidladi. Va ekin turlarini ko‘paytirish, yiliga to‘rt martagacha hosil olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. “Nurjahongir Mirzo” fermer xo‘jaligi a’zolarining faoliyati ham ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Shu tumandagi Parchanxos mahallasi ahli asosan gul, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish bo‘yicha vohada dovruq taratgan. Mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri issiqxona xo‘jaligi, gulchilik, ko‘chatchilik yo‘nalishlari hisoblanadi. Bu hududda ikki gektarlik maydonni egallagan issiqxonani ramziy ma’noda o‘ziga xos agrar maktabi deyish ham mumkin.

Tajribali tadbirkor Ollabergan Ollaberganov tashabbusi bilan qurilgan issiqxonada ayni paytda 50 ming tupdan ortiq gul ko‘chatlari parvarishlanyapti. Asosan yapon saforasi, shafran, viola, filargoniya kabi gul navlari yetishtirilmoqda. Quvonarli jihati, o‘n nafar xotin-qiz bu yerda doimiy ish bilan ta’minlangan.

– Gul ko‘chatlari yetishtirish nozik, mashaqqatli, lekin serdaromad ish, – deydi gulchilar ustozi Ollabergan og‘a mamnunlik bilan. – Ko‘chatlar mavsumga qarab yetishtiriladi. Har bir ko‘chat turiga qarab turlicha ishlov beriladi, parvarishlanadi. Tajriba bo‘lmasa qiyin ish bu. Ishlayotganlar, avvalo, bu nozik sohaning sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirishlari shart. Aksincha, daromad olish juda qiyin kechadi.

– Mahallamizda gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, asosiysi, bandlikni ta’minlash, oilalar daromadini oshirish eng mashaqqatli vazifa, – deydi “Parchanxos” MFY raisi Ibragim Atayev. – Bizda deyarli ishsiz ayollar qolmadi. Xususan, bir nafar ehtiyojmand ayolga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi, 85 nafar ayolga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratildi. Qolganlari esa mahallada ish olib borayotgan gulchilarga biriktirildi.

Muloqotlar davomida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da turuvchilarga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani aytildi.

Xonqa tumanidagi “Naturella” brendi ostida sut va sut mahsulotlari, un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yosh tadbirkor Shohrux Qalandarov tashkil etgan ko‘p tarmoqli korxonada bugungi kunda 200 nafardan yigit-qizlar ish bilan ta’minlangani boshqalar uchun ibrat namunasi ekanini alohida ta’kidlash kerak. Oddiy misol, bu korxonaning sifatli mahsulotlari allaqachon o‘z mijozlariga ega. Italiya texnologiyasi asosida kuniga 10 tonnagacha sut qayta ishlanib, 28 turdagi sut mahsulotlari xalqimiz dasturxoniga hamda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetkazib berilyapti. Kelgusida tajribali tadbirkor o‘z ish faoliyatini yanada kengaytirib, mahsulotlarini xorijga eksport qilish va qo‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirish orqali 250 nafar ish o‘rni yaratishni maqsad qilgan.

Ushbu gigant korxonada tashkil etilgan suhbat ham ko‘pchilikda katta tassurot qoldirdi.

Mamlakatimizda ekin yerlaridan samarali foydalanish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloqda fuqarolarning bandligi va farovonligini oshirish bo‘yicha oldinda turgan dolzarb masalalar ham o‘zaro muloqotlar va Yangibozor, Xonqa va Bog‘ot tumanlarida o‘tkazilgan seminarlarda muhokama qilindi.

Tadbirlar doirasida “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish borasidagi ishlar, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish tajribalari namoyish etildi.

Ta’kidlash joizki, Yer kodeksi hamda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, dehqon xo‘jaligi yuritish uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida Prezident qarori bilan belgilangan ayrim hududlarga 0,06 gektardan 5 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi. Muloqot davomida qonunchilikdagi yangiliklar, Vazirlar Mahkamasining shu yil 1 fevraldagi dehqon xo‘jaliklari kooperatsiyasini rivojlantirishga oid qarori mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

QORAQALPOG’ISTON Respublikasining  Beruniy tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar bilan kechgan jonli muloqot muhokamalarga boy bo‘ldi. O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, o‘z navbatida, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi sifatida ham tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali daromadini oshirish, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlar xususida so‘zlab berdi.

E’tiborlisi, tumandagi “Ozod intensiv bog‘” fermer xo‘jaligida seminar ham tashkil qilindi. Prezidentimizning “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq berilayotgan imtiyozlar xususida ishtirokchilarga eng muhim ma’lumotlar yetkazildi.

FARG’ONA viloyati haqida gap ketganda, avvalo, bu hudud ahlining bog‘dorchilik, ziroatchilik bobida, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ulkan islohotlarda o‘z o‘rni, beqiyos ulushi alohida tilga olinadi. Va tabiiyki, davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham agrar tarmoqning bir bo‘lagi bo‘lgan  meva-sabzavot yetishtirish va bu borada eksport salohiyatini yanada oshirish masalalari ham atroflicha muhokama qilingani bejiz emas. Ushbu maqsadlar uchun aholiga yana 60 ming gektar yerlarni tarqatishga qaror qilingani, natijada 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni yana 200 million dollarga oshirish ko‘zda tutilgani barobarida yoshlarning dehqonchilik sohasi bo‘yicha tajriba va malaka oshirishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi lozimligi qayd etildi.

Ayniqsa, aholiga bo‘lib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlariga sanoat va kooperatsiyani keng olib kirib, qo‘shimcha 1 milliard dollarlik mahsulot yetishtirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu kabi imkoniyatlarni kengroq ishga solish uchun 1 trillion so‘m kredit uchun resurs ajratilishi va bu kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablag‘ uchun 100 million so‘mgacha garovsiz, 150 million so‘mgacha garov ta’minoti 50 foizga pasaytirilgan holda berilishi sohada jiddiy islohotlar boshlanayotganidan darak beradi.

Prezident o‘sha kungi yig‘ilishda mamlakat miqyosida muhim tarmoqlardan biri bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish borasida ham soha mutasaddilariga jiddiy topshiriqlar yukladi. Masalan, yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qo‘llab-quvvatlab, tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasi qo‘yilib, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi ta’kidlandi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Farg‘ona viloyatiga uyushtirgan safarida aynan yuqorida belgilab berilgan dolzarb vazifalar doirasida “Ilyasov” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgan issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Farg‘ona shahridagi “Beshbola” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli dehqonchilik xo‘jaligida  bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham aynan Prezidentimiz tomonidan mazkur selektorda ko‘rsatib o‘tilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan fikr almashildi.

E’tiborli jihati, issiqxonalar va ijtimoiy ob’ektlar uchun  zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Farg‘ona shahridagi “ALTER  HEATING” MChJ ishlab chiqarish korxonasi faoliyati ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

ANDIJON viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish,  sanoat va qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, mehnat  unumdorligini oshirish,  yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejamkor  foydalanish, ishlab chiqarishda sifat  va samaradorlikka erishish,  eksportbop  mahsulotlar yetishtirishda o‘ziga xos tajriba maktabi  yaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, Asaka tumani o‘zining  nafaqat sanoati, balki qishloq xo‘jaligida uzumchilik, bog‘dorchilik, ko‘chatchilik va shaxsiy tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanish borasida ham katta islohotlar maydoniga aylangani sir emas.

O‘zLiDeP raisi Aktam Xaitov Asaka tumani “Otish” MFYga qarashli Qo‘rg‘oncha  ko‘chasida istiqomat qiluvchi  Bozorboy aka va Azizaxon opa Sobirovlar xonadonidagi o‘ttiz sotixlik kattakon issiqxonani ko‘zdan kechirar ekan, asakaliklar chin ma’noda ishning ko‘zini bilishi, yer bilan to‘rt faslda ham tillasha olishiga alohida urg‘u berdi.

“Bilaman, Bozorboy akaga o‘xshagan andijonlik qo‘ligul insonlar bir yilda uch martagacha hosil olmasa, tinchimaydi. Sizning timsolingizda haqiqiy dehqon, mirishkor qanday bo‘lmog‘ini boshqalar ham anglab yetishi kerak. Agar imkoni bo‘lsa, bu kabi tajribalarni tumanning 77 ta mahallasiga yoyib, ommalashtirsak, g‘oyat  savobli ish bo‘lmaydimi?” dedi A.Xaitov.

Shundan so‘ng partiya viloyat kengashi faollari, fermer va tomorqachilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda, eng avvalo, 12 fevral kuni Prezidentimiz raisligida agrar sohadagi ustuvor vazifa va rejalar hamda qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish, unumdorlikni oshirish, sohani tizimli rivojlantirish, suv, yer resurslari va zamonaviy texnologiyalardan  oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalarning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    104
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+