Ishchi guruh Beruniy tumanida o‘rganishlar olib bordi

05.03.2024, 11:34

Ishchi guruh Beruniy tumanida o‘rganishlar olib bordi

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitov boshchiligidagi Ishchi guruh aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bandlikni taʼminlash, daromadlarni oshirish, mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar holatini o‘rgandi.

Dastlab Ishchi guruh vakillari Beruniy tumanida o‘rganishlar olib bordi. Tumanda faoliyat yuritayogan “Rayhon Apparel” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur tikuv fabrikasi 2023 yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, hozirda 500 nafar ishchi mehnat qilib kelmoqda. Tayyor mahsulotlar Xitoy va Rossiya davlatlariga buyurtma asosida eksportga yo‘naltirmoqda. Korxonada o‘rnatilgan zamonaviy bichish-tikish mashinalari Yaponiya va Germaniya davlatidan keltirilgan, ish jarayoni va sifati esa turkiyalik mutaxassislar tomonidan o‘rgatilib kelinyapti. O‘tgan yili korxona tomonidan 1 mln 500 ming AQSH dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltirilgan.

Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari tikuv fabrikasida olib borilayotgan ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Suhbat davomida korxona rahbari joriy yilgi rejalarga asosan to‘quv trikotaj yo‘nalishida ham ish boshlash bo‘yicha dasturlar tayyor ekanligini bildirdi. Haqiqatdan ham tadbirkorlik faoliyatini yurituvchilar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar sabab O‘zbekiston tovarlarining jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga zamin yaratdi, bu esa o‘z navbatida o‘zbek biznes vakillarining xalqaro doiradagi o‘zaro hamkorligini yana-da oshirdi. 

Ishchi guruh aʼzolarining o‘rganish ishlari Beruniy tumanidagi tibbiyot markazi yonidagi perinatal markazining rekonstruksiya ishlari va hududlarda agrar sohada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish holatini tahlil qilish maqsadida tomorqa yerlaridan unumli foydalanayotgan tomorqachi xonadonlar faoliyati bilan davom etdi.

 O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    49
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+