Deputat – ustoz, professor va...

07.03.2024, 10:35

Deputat – ustoz, professor va...

Maymanoqliklar biror muammo paydo bo‘lib qolsa, hech ikkilanmasdan, Bobonazar muallim huzuriga yo‘l olishadi. Chunki u qishloq aholisining har qanday murojaati bo‘lsa qarab o‘tirmaydi, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash bo‘ladimi yoki bandlikni ta’minlash bilan bog‘liq ishlarmi, baribir beminnat shug‘ullanadi. Ishonsangiz, butun hududni piyoda kezib chiqqan.

Masalan, birgina Maymanoqda uch mingga yaqin oila bo‘lib, 30 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ko‘p urinishlardan so‘ng 890 nafar aholi yashaydigan Yangi Maymanoq qishlog‘i ahli uchun yangi transformator o‘rnatib berildi. Mahallaning to‘rt chaqirimlik ichki yo‘llariga shag‘al yotqizilib, ravonlashtirildi va sifatli asfalt qilindi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 30 ga yaqin kam ta’minlangan va nochor oilalarning tomorqa ishlariga ko‘maklashilib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatildi. 

– O’zimiz ishonib ovoz bergan Bobonazar Sattorovning asosiy ishidan ortib, yana deng, qancha mahalladoshlarimiz dardiga darmon bo‘layotganidan ko‘pchilik minnatdor, – deydi  “Yangi Maymanoq” MFY raisi Nizomiddin Shodmonov.  – Hech tinib-tinchiganini ko‘rmaymiz, doim qandaydir yumush bilan yurgan bo‘ladi. O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari, Xalq deputatlari tumani kengashi huzuridagi “Sanoat, transport, qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha doimiy komissiyasi” hamda  “Xalqparvar” komissiyasi raisi sifatida,  eng avvalo,  oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlashga hissa qo‘shib kelayapti. Masalan, nogiron, yetim, kam ta’minlangan oilalarni boshpana bilan ta’minlash, ularning ro‘zg‘orini, yashash ahvolini so‘rash kabi xayrli ishlarda hamisha boshqosh.

Yaqinda deputat  tuman  yoshlari bilan uchrashib, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari, deputatlik guruhining amaliy ishlari, noiblik maqomi, ayniqsa navqiron avlod vakillarining har jabhada faolligini, siyosiy bilimlarini oshirish bo‘yicha yangi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar,  “O’zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash,  iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qator yo‘nalishlarda ularning  mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish borasidagi innovatsion tashabbuslarini keng targ‘ib etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, Kasbi kulolchilik maktabini qayta tiklash borasida qimmatli fikrlar bildirildi. 

– Yoshlar bandligini ta’minlashda, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishida kichik biznes hamda tadbirkorlik sohasining rivojlanishi asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Xalq deputatlari Kasbi tuman kengashi deputati Bobonazar Sattorov. –  Joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlandi. Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ilm-fan, yuqori texnologiyalarni mukammal egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularni tadbirkorlik sohasiga yanada keng roq jalb etish, banklardan kredit olishlarida amaliy yordam beryapmiz. 

Bobonazar Sattorov 500 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 1-son kasb-hunar maktabi direktori sifatida ham boshqalarga namuna. Ustozning tashabbusi bilan  “ochiq byujet” loyihasi doirasida maktabga 30 kVt lik quyosh fotoelektrik stansiyasi, o‘quv xonalarga 15 dona interaktiv sensorli panellar, 2 komplekt kompyuter sinfi, 10 dona 55 dyumli televizorlar va 40 dona kuzatuv kameralar yangidan o‘rnatildi.

Ta’lim muassasasida ikki gektar maydonda issiqxona, baliqchilik, asal arichilik, bog‘dorchilik, va biogumus  yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilgan.  Amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan ushbu kichik xo‘jaliklarda yetishtirilgan mahsulotlardan topilgan mablag‘lar hisobidan a’lochi va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan o‘quvchilar muntazam ravishda rag‘batlantirib boriladi. 

Yana bir e’tiborli jihati, Bobonazar Sattorov “Barabanli quritgichda paxtani quritishda kombinatsiyalashtirilgan yoqilg‘i-quyosh issiqlik manbaini ishlab chiqish va tadqiq qilish” mavzusida “Sanoat issiqlik energetikasi” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyasini himoya qilgan va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2012 yilda dotsentlik, yaqinda “Sanoat issiqlik energetikasi” ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Ibratli oilaning farzandlariga ham havas qilsa arziydi: bir o‘g‘li Azamat Nuftillayev MMA jang san’ati bo‘yicha besh karra jahon chempioni. Xullas, ustoz-deputat-dotsent-professor bizning maslakdoshimiz.

Sayfulla IKROMOV,  “XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    43
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+