Dehqonobod yo‘llari qachon ravon bo‘ladi?

13.03.2024, 22:24

Dehqonobod yo‘llari qachon ravon bo‘ladi?

O‘zLiDeP viloyat kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari bu haqli savolga mutasaddilar bilan birgalikda javob izlashmoqda. hozircha jo‘yali javob topilmayapti.

...Yo‘lga chiqqan kishi eson-omon manzilga yetib olishni niyat qiladi. Ota-onalar farzandlari safarga otlanganda oq yo‘l tilab duo berishadi. Azaldan shunday bo‘lib kelgan. Ezgu an’ana hozir ham o‘zgarmagan.

Yangilanayotgan O’zbekistonda ham keyingi sakkiz yilning ichida bu borada talay ishlar amalga oshirildi. Izchillik kasb etgan yaxlit jarayon mobaynida yo‘l qurilishi sohasini rivojlantirish, mavjud yo‘llarni zamon talablari darajasida ravonlashtirish yuzasidan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Yurtimiz yo‘lsozlari tomonidan muhtasham ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, piyodalar uchun yer osti va usti yo‘llari bunyod etilayotgani aholiga qulaylik yaratib, odamlarning uzog‘ini yaqin, yo‘lovchilar hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham ulkan ishlar amalga oshirilgani e’tiborga molik. Lekin vohaning hamma tumanlarida ham yo‘llarni ta’mirlash va saqlash borasidagi ishlar ko‘ngildagidek emasligiga ko‘p bora guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, Dehqonobod tumanida yashovchi bir guruh saylovchilar viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhiga hududdagi yo‘llar butunlay yaroqsiz holga kelib qolganligi, bu esa piyodayu haydovchilarga ham noqulaylik tug‘diribgina qolmasdan, yo‘l transport hodisalari sodir etilishiga sababchi bo‘layotganligi haqida murojaat etishdi. Deputatlik guruhi a’zolari partiya faollari bilan birgalikda tuman yo‘llarining holatini ko‘zdan kechirishdi. Ularga viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Oybek Elboyev, Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi boshlig‘i Najmiddin Azimov, mazkur muassasa harakat xavfsizligini ta’minlash bosh mutaxassisi Ilyos Yusupov hamrohlik qilishdi. Dastlabki manzil Gumbuloq qishlog‘i bo‘ldi. “M-39” deb ataluvchi “Toshkent-Termiz” yo‘lining mazkur hududdan o‘tgan qismi nihoyatda ta’mirtalab. Bu yerda boshlangan qurilish ishlari poyoniga yetkazilmaganligi bois yo‘lning bir tomoni baland, ikkinchi tarafi esa past bo‘lib qolgan. Mazkur yo‘lning tumandagi “Novobod” MFY hududidan o‘tgan qismi ham yaroqsiz holga kelib qolgan. Hartugul ishchi guruhining borgani samarasiz bo‘lgani yo‘q. Yo‘lsozlar bundan xabar topishgani uchunmi, bilmadik, yo‘llardagi o‘ydim chuqurlarga shag‘al to‘kib, yamashga kirishib ketishdi. Ammo bu vaqtinchalik chora necha kunga dosh berishini ularning o‘zlari bizdan ko‘ra yaxshi bilishadi. Yo‘lsozlarning ta’kidlashicha, “Almati-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 180 kilometridan boshlab 2006-2022 yillarda jami 33 kilometrlik masofada ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 147 km yo‘lning 18 km sementbeton qoplamali, 80 km asfalt beton qorishmali va 49 km qora qorishmali qoplamani tashkil etgan. 2014 yilda mazkur avtomobil yo‘lining 1265- 1290, 1297-1315 km qismlaridagi qurilish ishlari “Bekobod yo‘l sanoat” korxonasi va Angren burg‘ulash-portlatish ishlari maxsus boshqarmasiga yuklatilgandi. Ular ikki yil mobaynida yo‘lni ta’mirlash bilan shug‘ullanishgan. Taxminan 2016 yilgacha yo‘l qurilish ishlarini bajara olmaganliklari tufayli, ob’ektlar ulardan olib qo‘yilgan. Ishda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun “Bekobod yo‘l sanoat” korxonasi rahbarlari tegishli tartibda jazolangan ham. Ammo ishlar chalaligicha qolib ketgan. 2016 yildan buyon chuqur, past-baland bu yo‘llar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda. Savol jiddiy qo‘yilmoqda endi: xo‘sh, Dehqonobod yo‘llari qachon ta’mirlanadi?! Hozircha jo‘yali javob yo‘q! Dehqonobod tuman hokimligida ishchi guruhi a’zolari va xalq deputatlari tuman kengashi vakillari ishtirokida yo‘llarni o‘rganish masalalari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan O‘zLiDeP faollari so‘nggi yillarda yo‘l qurilishi borasida haydovchi va yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilish, yo‘llarni xalqaro me’yorlar darajasiga keltirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Afsuski, ushbu tuman bilan bog‘liq ishlarni tushunish mushkul. Deputatlar tomonidan yo‘l qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektorni keng jalb qilish, sifatni tekshiradigan zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan malakali kadrlarni shakllantirib, yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish borasida amaliy takliflar bildirildi. – Dehqonobod tumanining Kichik O’ra daryosi bo‘yidagi “Chambil” MFYda yashayman, – deydi xalq deputatlari Dehqonobod tuman kengashi deputati G’ofur Valiyev. – Bu yerdagi Usmon Yusupov, Beliboyli va Bog‘chorbog‘ qishloqlari hududida 12 ta mahalla bor. “Dehqonobod – Bog‘chorbog‘” avtomobil yo‘lining 0-54 km oralig‘i mashina va yo‘lovchilar yurishiga jiddiy xalaqit qilmoqda. Bahor oylarida sel yo‘llarni yuvib ketib, odamlar juda qiynalib qolishadi. Shu hududda yashovchi aholining 70 km yo‘lni ta’mirlab berilishini so‘rab, bormagan, yozmagan joyi qolmadi. Mutasaddilar keladi, ko‘radi, bir dunyo va’dalar ham berishadi. Ammo hech qanday amaliy o‘zgarish bo‘lmayapti. Aslida yo‘llar yo‘lovchiga azob emas, madaniy hordiq bag‘ishlashi zarur. Dehqonobodda hozircha buning aksi bo‘lyapti. G’ofur Ilyosovning aytishicha, chekka-chekka qishloqlarda ham ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish borasida ko‘plab xayrli ishlar qilinyapti. Ayniqsa, ko‘p yillar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan ichki yo‘llar ham ta’mirlanayotgani aholini mamnun etmoqda. Ammo yo‘lsozlar Boyqo‘rg‘on-Gumbuloq yo‘nalishidagi avtomobillar harakatlanishiga xalaqit qilayotgan, bahorgi toshqinlar natijasida yaroqsiz bo‘lib qolgan 8 kilometr yo‘lni ta’mirlashni esa xayollariga ham keltirishmayapti. Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 1255-1315 km (jami 60 km) qismini qayta rekonstruksiya qilish loyihasi 2024-2027 yillarda “Islom taraqqiyot” banki va OPYeK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi belgilangangan. Ishqilib, bu safar ham yirik loyiha nafsi hakalak otgan qalloblarga yuklatilmasin-da, aks holda xalqaro ahamiyatga ega bu katta trassadan o‘tib-qaytayotgan haydovchiyu yo‘lovchilarning dardlariga hali-veri darmon topilmaydi...

Sayfulla IKROMOV, “XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+