Vobkentda partiyaviy loyiha ijrosi taʼminlanmoqda

04.04.2024, 11:01

Vobkentda partiyaviy loyiha ijrosi taʼminlanmoqda

Vobkent tumanida aholi xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hududdagi mahallalarda jami 30 ming 839 ta xonadonda 3 ming 54 ta issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, ularning umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadi.

Tomorqadan unumli foydalanish, xalqimiz dasturxonini issiqxonada pishib yetiladigan turli noz-neʼmatlar bilan to‘ldirish, qolaversa, sabzavotchilikdagi ko‘chatchilikni rivojlantirishda issiqxona xo‘jaligining o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan tumanda o‘tgan yilning o‘zida 300 taga yaqin 1-3 sotixli ixcham issiqxona aholi xonadonlarida barpo qilingan.

Ayniqsa, Shakarkent, “Diyor” va boshqa bir qator mahallalarda tomorqachilik madaniyati shakllanib borayotgani aholi bandligi taʼminlashga, ularning moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “Diyor” MFYda ushbu yo‘nalishdagi ishlarda muayyan natijalarga erishilayotganligini kuzatsa bo‘ladi. O‘z tomorqasida issiqxona tashkil etgan tadbirkor ayollardan biri Zarina Fayzullayeva xonadoniga qarashli 2 sotixdan iborat ekin maydonida ertapishar kartoshka ekilgan bo‘lib, tez orada u bilan birga bodring parvarishiga ham kirishiladi.

O‘zLiDePdan mahalliy Kengash deputatligiga saylangan Sh.Saidova o‘z saylov okrugidagi bir qator aholi istiqomat joylari singari Z.Fayzullayeva tomorqa xo‘jaligida ham bo‘lib, o‘z amaliy maslahat va tavsiyalarini berib kelmoqda.

Shuningdek, Z.Fayzullayeva xonadonidagi issiqxonada vaqti-vaqti bilan hududdagi ishsiz ayollar uchun o‘tkazilayotgan mahorat darslari ularning bandligini taʼminlash imkonini bermoqda. Shu tariqa tumanda O‘zLiDePning “Namunali tomorqachi ayol-farovonlik bunyodkori” loyihasining ijrosi taʼminlab kelinmoqda.

  • Ko'rildi
    30
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+