Uzunlik xotin-qizlar hunarli bo‘lmoqda

04.04.2024, 11:18

Uzunlik xotin-qizlar hunarli bo‘lmoqda

Uzun tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi Safargul Rajabova tashabbusi bilan tumandagi “Yangi yo‘l” mahallasida istiqomat qilayotgan 8 nafar ishsiz xotin-qizlar tikuvchilik sexida o‘qishdi.

Tikuv sexi rahbari Barno Obidova ularga tikish sirlarini, bichish texnikasini o‘rgatdi. Shundan so‘ng, ularga subsidiya asosida tikuv mashinkalari olib berilib, tadbirkorlik qilishlari uchun imkoniyat yaratildi.

OzLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi "Ayollar qanoti", partiyaning  Uzun tumani Kengashi deputati S.Rajabova boshchiligida  “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida “OzLiDeP - tadbirkor ayollar manfaatlari himoyachisi”  mavzusida  tashkil etilgan biznes-turda Barno Obidovaning sexiga tashrif buyurildi. U yerda hunar o‘rganayotgan ayollar bilan suhbatlashildi. Jarayonda mahalladagi boshqa ishsiz xotin-qizlarning ham hunar o‘rganishga ishtiyoqi ortdi.

-  Men ham boshqa ayollarga o‘xshab, nimadir hunar bilan shug‘ullanishni judayam istardim,— deydi Xosiyat Cho‘ponova. — Tikuvchilikni o‘rganganim va o‘quv kursini tamomlagach, tikuv mashinkali bo‘lganim mening bu orzuimni amalga oshirishga turtki bo‘ldi. Endilikda mahalladagi xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish uchun uyda o‘tirib, ularga turli liboslar tikishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Bir hunarning boshini tutganim uchun judayam xursandman.

-  Tadbirkor B.Obidova mahalladagi tikuvchilikka  qiziqishi bor “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”da ishsizlik bo‘yicha ro‘yxatda turgan, ammo ishlash istagi bor mehnatga layoqatli ayollarni o‘qishga taklif qilganida juda xursand bo‘ldim, — deydi O‘zLiDeP Uzun tuman Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, deputat S.Rajabova. — Tezda 8 nafar ayolni tadbirkorga biriktirdik, mana bugun ular ham hunarli, ham mashinkali bo‘lishdi. 

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida keltirilgan “xotin-qizlarning mehnat sharoitini yaxshilash, ularni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmadchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak”ligi to‘g‘risidagi fikrlar bugun hayotga tatbiq etilayotir. Muhimi, bunda ishsizlik, kambag‘allikni qisqartirishga erishilmoqda.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    37
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+