Hunarmandchilik taraqqiy etmog‘i kerak

05.04.2024, 13:16

Hunarmandchilik taraqqiy etmog‘i kerak

Respublikada milliy hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilib, qator choratadbirlar belgilangan bo‘lsa-da, lekin ancha yillardan beri bu soha kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli, mustaqil va ommaviy yo‘nalishiga aylana olmayotgan edi. Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi berilgan shuncha imtiyoz va qulayliklarga qaramasdan o‘z saflariga ushbu mashaqqatli soha vakillarini qamrab olishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygandi. Uyushmaga a’zo bo‘lganlar soni ayni yo‘nalishdagilarning juda kam qismini tashkil etardi. Hunarmandchilik markazlarida sayyohlik salohiyatidan foydalanish holati qoniqarsiz, ularga moliyaviy va xomashyo resurslarini ajratish, mahsulotlarini sotish, eksport qilish uchun sharoit yaratishga yordam berish ishlari yetarli darajada emas edi.

2017 yildan boshlab esa  ana shu boy madaniy merosimizni asrab­avaylash, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning zalvorli mehnatini munosib qadrlash, har tomonlama qo‘llab­quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratib berildi. So‘nggi 6 yilda hunarmandchilik va kasanachilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ortiq normativ­huquqiy hujjatlar, jumladan, Prezidentimizning 15 ta qaror va farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 20 ga yaqin qarorlari qabul qilingani fikrimiz dalilidir.

Ayniqsa, yurtboshimizning  2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab­quvvatlash chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur masalalarning tom ma’nodagi yechimi bo‘ldi. Hujjat bilan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab­quvvatlash, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik­kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kreditlar berish, mahsulotlarini sotish va eksport qilish, shuningdek, respublikamizning tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va “Usta­shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi. “Hunarmand” uyushmasi Savdo­sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida kiritilib, “Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha Savdo­sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga tenglashtirildi. Savdo­sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha beg‘araz xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, hunarmandlarni o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlaganlar uchun ko‘rgazmalar tashkil etish nazarda tutildi. Hunarmandchilikning yuqori talabga ega va kelajakda rivojlanish istiqboli bor turlarini to‘liq qamrab olish maqsadida hunarmandchilik faoliyati asosiy yo‘nalishlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi. Hujjatda hunarmandlar uchun imtiyoz va qulayliklarni kengaytirish, shuningdek, ularning manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, 2017 yilning 1 dekabridan hunarmandchilik sub’ektlari, ya’ni “Hunarmand” uyushmasining a’zolari:

  • hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliq to‘lovidan to‘liq ozod etildi;
  • yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etildi;
  • qishloq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydigan bo‘ldi.

Shu bilan bir qatorda, hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, bank hisobraqamlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqi berildi. Ular xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, festival, yarmarkalarda hunarmandchilik mahsulotlarining eksport shartnomalarini tuzmagan holda sotishi mumkin. Bunda olingan daromad eksport tushumi hisoblanmaydi. Shu bilan birga, hunarmandlarga tashqi reklama vositalarini joylashtirishda mahalliy budjetga to‘lanishi belgilangan to‘lovlarning 50 foizi miqdorida imtiyoz berish joriy etildi. Shuningdek, doimiy savdo qilish joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan savdo qoidalarida nazarda tutilgan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi belgilangan.

Bunday amaliy sa’y­harakatlar natijasida yurtimizda milliy hunarmandchilik san’ati jadal rivojlanib bormoqda. Misol uchun, 2017 yilgacha “Hunarmand” uyushmasiga o‘n mingga yaqin kishi a’zo bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni qariyb 7 barobarga, shogirdlar 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar soni 230 ming nafarga yetdi.

Hunarmandchilik sohasi – yangi isho‘rinlari tashkil qilish, yoshlarni foydali mehnatga jalb yetish, turizmni rivojlantirish borasida ham katta imkoniyatlar manbai hisoblanadi. Shu bois yurtimizning barcha hududlarida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramay sohada yechimini kutayotgan ayrim masalalar saqlanib qolmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab­quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “2022 yilda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va bir qator vazifalar belgilandi.  Shuningdek, yurtboshimiz 2023 yil 12 iyunda “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart­sharoitlar yaratish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni ham imzoladi. Farmon bilan “Hunarmand” uyushmasining ustuvor vazifasi etib hududlarda hunarmand chilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish belgilandi.

Lekin Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan hunarmandchilik markazlari faoliyati o‘rganilganda yuqoridagi farmon va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani holatlari aniqlandi. Xususan, bugungi kungacha mazkur qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilmagan. To‘g‘ri, 2023 yilning dekabr oyida Savdo­sanoat palatasi tomonidan “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Biroq bu masala bugungi kunda qaysi jarayonda ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas.

Yana bir jihati, parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan 2023 yilning avgust­sentabr oylarida Andijon, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi hunarmandchilik markazlari faoliyati o‘rganilganda ularni qiynayotgan muammolar hamon kam emasligi aniqlandi. Xususan, Andijon shahridagi “Jom’e” majmuasida joylashgan  Hunarmandchilikka ko‘maklashish markaziga borib, hunarmandlar bilan suhbatlashilganda ular uyushmaga a’zo bo‘lib yillik a’zolik badalini shahar hududida 3 bazaviy hisoblash miqdorida (990 ming so‘m), tuman hududida  2 bazaviy hisoblash miqdorida (660 ming so‘m) to‘lashayotganini aytishdi. Bundan tashqari pensiya jamg‘armasiga yillik  1 bazaviy hisoblash miqdorida (340 ming so‘m) ijtimoiy soliqni to‘layotganliklari ham ma’lum bo‘ldi.

Qolaversa, hunarmandlar ijara to‘lovlarining har yili oshirib borilayotgani yuzasidan ham o‘z e’tirozlarini bildirishdi. Ijara oylik to‘lovlari 2022 yilda o‘rtacha 350 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 535 ming so‘mgacha oshirilgani sababli ularga og‘irlik qilayotgani, mahsulotlariga doimiy talab bo‘lmagani sababli ijara to‘loviga qiynalayotganini aytishdi. Shu sababli ayrim hunarmandlar uylarida ishlashga majbur bo‘lishayotganligini ham bildirishdi. Jumladan, Mavludaxon Ahmedova to‘rt yildan buyon uyushma a’zosi ekani, avvalgi yillarda markazda faoliyat olib borgan, biroq 2023 yil yanvardan boshlab ijara to‘lovining keskin oshgani sababli uy sharoitida ishlayotganini bildirdi. Bundan tashqari, ushbu markazda foliyat olib borayotgan hunarmandlar ijara to‘lovidan tashqari kommunal to‘lovlarni ham o‘z hisobidan amalga oshirishmoqda.

O’rganishlar jarayonida xuddi shunday kamchiliklar Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahridagi Hunarmandlar markazida ham aniqlandi. Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab­quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy” maydonida joylashgan sobiq “Chorsu” bozori negizida zamonaviy Hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. Hozirgi kunda markazda 50 ta gilam to‘qish va shuncha atlas­adras to‘qish dastgohlari hamda 10 ta tikuv mashinasi joylashtirilgan. Markaz hunarmand Nodir Mannonov rahbarligida faoliyat yuritmoqda. O’rganish vaqtida markazda 20 dan ziyod ayollarni gilam to‘qish dastgohida ishlayotganini ko‘rdik, ular bilan suhbatlashdik. Ularga mehnat daftarchasi ochilib, ish beruvchi bilan mehnat munosabatlari rasmiylashtirilgan. Lekin markazda ishlayotgan shogirdlar va uyida kasanachi sifatida faoliyat yuritayotgan ayollar bilan ish beruvchi o‘rtasida mehnat munosabatlari rasmiylashtirilmagani aniqlandi.

Shu o‘rinda ushbu o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, ba’zi taklif va tavsiyalarni o‘rtaga tashlash joiz deb hisoblaymiz: 1. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida (2023 yil 22 iyul, 307-sonli) “usta-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganayotgan shogirdlarga yoshga doir cheklov (30 yoshgacha) belgilangan. Mazkur cheklov 30 yoshdan oshgan hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolarga shogirdlarga beriladigan imtiyoz va yengilliklardan foydalanish imkoniyatini cheklamoqda. Shu sababli qarordagi “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga” so‘zlarini “yoshlar va hunar o‘rganish istagidagi fuqarolar” so‘zlariga almashtirish tavsiya etiladi.

  1. Norasmiy bandlik ulushi asosan qishloq xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish, qurilish va tekstil sohalarida kuzatilmoqda. Bu ulushni kamaytirish maqsadida soliq imtiyozlarini belgilashda yangi mehanizmlarni joriy etish joiz. Bunda, norasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar bilan mehnat shartnomasi imzolagan ish beruvchilarga ishga qabul qilingan har bir xodim uchun mehnatga haq to‘lash fondining ijtimoiy soliq to‘lovini 12 foizdan 6 foizgacha tabaqalashtirilgan   tartibda to‘lash imkoniyatini joriy etish.

         Bunda xodimlar soni:

10-20 nafargacha bo‘lsa 10 foiz;

20-30 nafargacha bo‘lsa 9 foiz;

30-40 nafargacha 8 foiz;

40-50 nafargacha 7 foiz;

50-100 nafargacha 6 foiz ijtimoiy soliq to‘lanishi nazarda tutiladi.

  1. Prezidentimizning “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 2-bandida 2023 yil 1 iyundan 2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilishi belgilangan. Lekin ayrim hunarmandlarning bu imtiyozdan xabari yo‘qligi sababli undan foydalanmayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli ushbu farmonning mazmun-mohiyati Hunarmandlar uyushmasi va soliq organlari xodimlari tomonidan keng targ‘ib qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
  2. Bugungi kunda Ye-commerse tizimida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar soni 500 nafardan oshgan. Shundan deyarli 60 foizi xalqaro onlayn platformalarda (ETSY, E-bay va alohida saytlar orqali) faoliyat yuritadilar. Xalqaro onlayn platformalar asosan Paypal va Payoneer to‘lov tizimlari qo‘llaniladi. Biroq ushbu to‘lov tizimlariga O’zbekistondan turib ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud emas. Shu sababli, hozirda respublikamizda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari chet eldagi uchinchi shaxslar orqali Paypal va Payoneer to‘lov tizimlariga xorijiy banklardan ro‘yxatdan o‘tib ishlamoqdalar. Bu esa firibgarlarga uchrab qolish oqibatida savdo mablag‘larini yo‘qotilishiga, yuqori foizlarda (15-18 foizgacha) naqdlashtirish va boshqa xarajatlar tufayli mahsulotning tannarxini oshishi va raqobatbardoshligini yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli O’zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga mazkur to‘lov tizimlariga O’zbekistondan turib kirish imkoniyatini ko‘rib chiqish tavsiya qilinadi.
  3. Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari hamda O’zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiya talablariga ko‘ra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan tekshirishlarni inspeksiya nazorati bilan qamrab olingan har qanday ish joyiga oldindan ogohlantirmasdan va xohlagan vaqtda hech bir to‘siqsiz kirishi belgilangan. Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Tadbirkorlik sub’ektlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etgan holda amalga oshirilishini belgilash darkor.
  4. Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ularda sohani rivojlantirishga qaratilgan qator imtiyozlar va yengilliklar belgilangan. Lekin hududlardagi o‘rganishlar jarayonida ko‘pchilik hunarmandlarning ushbu imtiyozlardan xabardorlik darajasi yetarli emasligi aniqlandi. Hujjatlarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlament quyi palatasiga tegishli tartibda kiritish chorasini ko‘rish va Hunarmandlar uyushmasida faoliyat yuritayotgan xodimlar malakasini oshirish bugunning dolzarb vazifalaridandir.

Mavluda XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    31
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+