Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk tarixiy tashrifi

26.06.2024, 15:00

Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk tarixiy tashrifi

Uchrashuvda tomonlar tarix, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi, shuningdek, joriy yilning iyun oyidan boshlab ikki mamlakat fuqarolari 30 kungacha vizasiz sayohat qilishi mumkinligini olqishladi.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, birinchi navbatda, xaridorgir mahsulotlar turi va yetkazib berish hajmini kengaytirish hisobiga sezilarli darajada oshirish vazifasi qo‘yildi. Joriy yilda ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro savdo uylari ochish, sanoat ko‘rgazmalarini tashkil qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tuzilayotgan ekspert guruhi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi va yetkazib beriladigan tovarlar ro‘yxati, shuningdek, bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Ulan-Bator Markaziy Osiyo uchun tobora ko‘zga ko‘ringan hamkorga aylanib bormoqda. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida aholi soni bo‘yicha yetakchi hisoblangan O‘zbekiston bozori Mo‘g‘ulistonda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois ikki davlat savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, yengil sanoat kabi sohalarni faollashtirishdan manfaatdor. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim davlat sifatida Ulan-Batorda joylashgan dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tadqiqot markaziga qo‘shilish masalasini ijobiy ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyatning barqaror rivojlanish borasidagi sa’y-harakatlariga hissa qo‘shish maqsadida Mo‘g‘ulistonning “Milliard daraxtlar” milliy harakati va O‘zbekistonning “Yashil makon” milliy loyihasini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi global muammolar bo‘yicha ham ikki tomonlama, ham xalqaro maydonda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining mamlakatlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan sohalardagi sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlariga katta qiziqishi mavjudligini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, yer osti boyliklarini qazib olish va qayta ishlash sohasidagi qo‘shma loyihalar, Qoraqalpog‘iston, Namangan viloyati va boshqa viloyatlarda chorvachilik komplekslarini tashkil etish, go‘shtni qayta ishlash klasteri, yengil sanoatda kooperatsiya, ya’ni jun va terini chuqur qayta ishlash, shuningdek, farmasevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidandir. Niyatlarning jiddiyligi sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash bilan ifodalanib, uning doirasida investisiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish tamoyillari bo‘yicha asosiy kelishuvlar tayyorlanadi va qabul qilinadi.

Umuman olganda, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali hal etish va loyihalarni jadallashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildiramiz. Ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish maqsadida Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilmoqda, qo‘shma biznes-forumlar ham muntazam o‘tkaziladi. Shuningdek, madaniyat, san’at, ta’lim, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mamlakatlar an’anaviy yakkakurashlarni ommalashtirish, amaldagi vizasiz rejim doirasida sayyohlar almashinuvini oshirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida hamkorlikda ish olib boradi. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Shu tariqa, joriy tashrif O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston faol ravishda modernizatsiya qilinayotgani, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotga intilayotganini, dunyoga tobora ochilayotganini ko‘rsatdi. Muzokaralar yakunida Uxnaagiyn Xurelsux Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishni taklif qildi.

Aktam XAITOV

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    29
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+