Qorako‘lning ishbilarmon ayollari

03.07.2024, 10:23

Qorako‘lning ishbilarmon ayollari

Qorako‘l tumani madaniyat markazida O’zLiDePning "Ishbilarmon ayol- 2024" ko‘rik-tanlovining MFYlarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirokida mahalla saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Chekirchi MFYdagi tadbirkor ayollardan biri Shaxnoza Shirinovaning faoliyati tanlov hay’ati e’tiborini o‘ziga tortdi. U 15 yildan buyon turli gullar parvarishi shug‘ullanib, oilasining daromadini oshirib kelmoqda. Shuningdek, gulchilik sirlarini mahalla ayollariga ham o‘rgatib kelmoqda.

Yangibozor MFYdagi yana bir ishbilarmon ayol Gulnora Olimovaning faoliyati ham ko‘pchilikka mamnun. G. Olimova ikkinchi guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan, u hunarmandchilikning to‘qish va tikish yo‘nalishi bo‘yicha mana 10 yildirki samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Aholidan tushayotgan buyurtmalar asosida G.Olimova va uning shogirdlari tomonidan ayollar ro‘moli, erkaklar bosh kiyimi, bolalarga mo‘ljallangan kiyim-kechaklar, xotin-qizlar ham erkaklar uchun sharflar ishlab chiqarilmoqda. Shu tariqa har oyda 7-8 mln so‘mga yaqin daromadga erishilyapti.

Tumanning “Eski Qal’a” MFY “Tabiblar” ko‘chasida yashovchi  Ziyoda Axmedova hali yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. U munchoqlar yordamida ayollarning kichik sumkalari, turli taqinchoqlar yasab, xonadoni daromadiga daromad qo‘shib kelmoqda. Uning 5 nafar shogirdlari ham hunarmandchilik kasbini egallash istagida bo‘lgan yoshlardir.

Ushbu MFYdagi Nargiza Hayitova esa milliy yo‘narmandchiligimizning quroqchilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib borib qadimiy an’analarimizni rivojlantirib, ushbu hunarni yoshlarga ham o‘rgatib kelmoqda.

Tumanning “Mallashayx” MFYda ham ishchan tadbirkor ayollar talaygina. Ulardan biri Sabohat Jo‘rayevadir. Hali bolaligidanoq quroqchilikka qiziqishi uyg‘ongan Sabohat keyinchalik zardo‘zlik mahsulotlari tikishni ham o‘zlashtirib olgan. Bugungi kunda u zardo‘zi so‘zana, elpig‘ich, elita pardalarga tushayotgan buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib mahalladoshlari hurmatini qozonib kelmoqda. O’z navbatida mahalladagi xotin-qizlarga elita pardalar tikish sirlarini ham o‘rgatib kelmoqda. Shu kunga qadar S.Jo‘rayeva 100 dan ortiq shogirdlar tayyorlashga erishdi.

Tumanning “Qozon” MFY o‘ramidagi xonadonlarning birida yashovchi Zaynab Samadova ham 5 nafar o‘g‘il qizning tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga milliy kiyimlarimizdan chopon, kamzul, nimcha tikib, ushbu hunarning sir-asrorlarini mahalladosh ayollariga ham o‘rgatib kelmoqda.

         Ishchi guruh a’zolari Shaxnoza Shirinova, Gulnora Olimova, Ziyoda Axmedova, Sabohat Jo‘rayeva, Feruza Shukurova, Nargiza Hayitova hamda Zaynab Samadovalarning hunarmandchilik faoliyatlarni o‘rganib chiqib, ularni “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining keyingi bosqichlariga ishtirok etishga tavsiya etdilar.

  • Ko'rildi
    24
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+