Qonun ijodkorligida bizdan tashabbuskorlik, qat’iyatlilik va sobitlik talab qilinmoqda

18.08.2020, 15:04

Qonun ijodkorligida bizdan tashabbuskorlik, qat’iyatlilik va sobitlik talab qilinmoqda

Keyingi yillarda mamlakatimizda qonunchilik sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Fraksiyamiz ham bu borada sezilarli natijalarga erishayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasida qonunlarni qabul qilish jarayonida ular bilan bog‘liq barcha qonunosti hujjatlarning o‘z vaqtida va to‘liq ishlab chiqilishini ta’minlashga, muhimi, “qonunni qabul qilish bilan parlamentning ishi yakunlandi” degan qarashdan voz kechishga ustuvor vazifa sifatida qarashni o‘rgandik. Eng muhimi, yo‘nalishda ilgari surilayotgan takliflarning har birini imkon qadar saylovchilar bilan muhokama qilish tizimini yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi. Axir biz davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik ekanmiz, qonunlar fuqarolarga tegishli mezon ekan, ayni tadbir maqsadga muvofiq.

O‘tgan davr mobaynida ko‘plab qonun loyihalarini muhokama qildik. Takliflarimiz jiddiy munozaralarga aylandi. Negaki, qonun loyihalari shoshma-shosharlik bilan qabul qilib bo‘lmaydigan hujjat. Bu esa masalani har taraflama jiddiy va chuqur o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Qonunchilik palatasining majlislarida ko‘rib chiqilayotgan paytda fraksiyalarning qat’iy pozitsiyasi tufayli 5 ta qonun loyihasi majlis kun tartibidan chiqarilib, qayta ishlanishi, normalar yanada takomillashtirilishi uchun qo‘mitalarga qaytarildi.

Quvonarli jihati shundaki,  fraksiyaning qonun ijodkorligidagi faoliyati har bir qonun loyihasi bo‘yicha chinakam xolis baxsu munozaralar maydoniga aylanyapti. Turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash haqiqiy demokratiya maktabini eslatadi.

Fraksiyamiz bu borada faollikni qo‘ldan bermayotganini faxr bilan aytish mumkin. Masalan, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 1 ta qonun loyihasini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritishga erishdik.

Biz deputatlar faoliyatitmiz davomida har qanday masalaga, avvalo, xalqimiz, saylovchilarimiz, qolaversa. elektoratimiz manfaatlari uchun jiddiy yondashamiz. Ayniqsa, norma ijodkorligi sohasida o‘z pozitsiyamizni aniq shakllantirib, uni qat’iy ilgari surishni bilamiz. Siyosiy irodamiz ayni muzokaralarda yanada toblanayotganini his qilishning o‘zi zavqli, albatta.

Fraksiyamiz “qonunning birdan bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan tamoyil bilan faoliyat yuritmoqda. Bu ustuvor tamoyil to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan, ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqilishini talab qilmaydigan qonunlarni qabul qilishga undaydi.

Bizdan bu sohada shuning uchun ham har qadamda tashabbuskorlik, qat’iylik, sobitlik talab qilinayotir.

Umidaxon ZOKIROVA,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    676
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+