Samarqandda bo‘lib o‘tgan muloqotda nizolarni sudgacha hal etish, davlat xaridlarini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda aniq takliflar ilgari surildi

18.01.2018, 17:35

Samarqandda bo‘lib o‘tgan muloqotda nizolarni sudgacha hal etish, davlat xaridlarini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda aniq takliflar ilgari surildi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiya Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, keng jamoatchilik vakillari, turli soha mutaxassislari, ekspertlar, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun amaliy muloqot tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab muloqot ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini muhokama etishdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ta’kilaganidek, rivojlangan mamlakatlarda nizolarni sudgacha hal etish mexanizmidan samarali foydalanib kelinmoqda. Qonun loyihasida amaliyotga mediatsiya institutini kiritish, fuqarolik va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishda nizolarni hal qilish, ya’ni taraflar o‘rtasida nizolarni sudgacha hal qilish tartibini keng tatbiq etish, fuqarolik, mehnat, oila, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etiladi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi mamlakatimizda nizolarni mustaqil shaxslar – mediatorlar ishtirokida bartaraf etishning muqobil usullarini rivojlantirish hamda sudlar zimmasidagi yukni yengillashtirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Nizolarni hal etishda mediatsiyani qo‘llash vaqtni tejash va nizolashuvchi tomonlarning – fuqarolar, tashkilotlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining sud xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Ular yuzaga kelgan nizolarni sudgacha olib bormasdan, advokatlarni jalb etmasdan va sud muhokamasi bilan bog‘liq davlat boji va xarajatlarni to‘lamasdan o‘zaro manfaatli shartlar asosida o‘zlari uchun qulay joy va vaqtda tez hamda arzon hal etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunda tomonlarda yuzaga kelgan nizoni tez hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Muloqot davomida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ishtirokchilar tomonidan keng muhokama etildi. 

Ushbu qonun loyihasi muhokamasida davlat xaridlari tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, xaridlar jarayoni ochiqligiga xizmat qiladigan mexanizmlarni joriy etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini davlat xaridlari jarayoniga yanada faol jalb etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi davlat xaridlari sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladi, amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirgan normalarni bartaraf etadi. Qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari tizimining ochiqligi va shaffofligini oshirishini ta’minlaydi, davlat xaridlarining aniq tizimi yo‘lga qo‘yadi.

Tadbirda davomida “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ham keng muhokama etilib, ishtirokchilar o‘z takliflarini berishdi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1610
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+