Deputatlar malakasini oshirish – elektorat manfaatlarini ishonchli himoya qilishning muhim omili

18.01.2018, 19:07

Deputatlar malakasini oshirish – elektorat manfaatlarini ishonchli himoya qilishning muhim omili

Hammamizga ma’lumki, o‘tgan yilning 24 dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar o‘tkazilib, ushbu saylovda O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodlarning 137 nafari tuman Kengashi deputati degan maqomga ega bo‘ldi.

Albatta partiyamiz bu borada yetakchilikni qo‘lga kiritgani barchamizni birdek ruhlantiradi. Lekin ayni muvaffaqiyat, saylovdagi g‘alaba, xalqimiz ishonchi ortida juda katta mas’uliyat turganligini bir soniyaga bo‘lsa-da, unutishga haqqimiz yo‘q. Zero, o‘tgan yilning 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tarixida ilk bor yangi amaliyot sifatida Oliy Majlisga Murojaatnoma shaklidagi dasturiy ma’ruzasida ham islohotlarimiz samarasini oshirishda parlament, deputat, senatorlarning o‘rniga alohida to‘xtalib, xalq vakillari, xususan, mahalliy Kengashlar faoliyatiga tanqidiy baho berdilar.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan Prezidentimiz bildirgan tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga partiyadan saylangan deputatlarning malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi. O‘quv O‘zLiDePdan saylangan deputatlik guruhi rahbari hamda a’zolarini, ijrochi kotiblarni partiya sohasidagi ko‘nikmasini shakllantirish, siyosiy faolligi va bilimini oshirib borish maqsadida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, o‘quv orqali partiyamiz ijrochi kotib va davlat mahalliy vakillik organlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari hamda a’zolarining malakasini oshirish bilan partiya va elektorat manfaatlarini davlat hokimiyatining vakillik organlarida uyushqoqlik bilan ifodalay oladigan, saylovchilarning ishonchini qozonib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlarda belgilangan vazifalar  ijrosini nazoratga olishda hushyor va bevosita muloqotlarda o‘z saylovchilarini o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topa oladigan, partiya bilan mustahkam aloqada bo‘lgan siyosiy yetuk deputatlar korpusini shakllantirish ham asosiy vazifalardan biridir.

Ushbu tizimli tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlar partiyaning siyosiy maydonda erkin raqobat qilishini ta’minlashda bugungi kunning o‘tkir talablariga javob beradigan, partiyaning ertangi kunini ta’minlash yo‘lida xizmat qiladigan siyosiy jihatdan yetuk bilim va salohiyatga ega,  zamon bilan hamnafas faoliyat olib boradigan deputatlarni tayyorlab beradi.

Mazkur o‘quv-seminarning birinchi bosqichida Xalq deputatlari Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yakkasaroy, Yashnobod tuman Kengashlariga saylangan deputatlar ishtirok etdi.

Uch kun tashkil etilishi rejalashtirilgan navbatdagi o‘quv-seminarning ikkinchi bosqichida Xalq deputatlari Chilonzor, Uchtepa, Olmazor, Shayxontohur, Yunusobod tuman Kengashlariga saylangan deputatlar malakasi oshirilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma’ruzasidan kelib chiqib, O‘zLiDePning ustuvor vazifalari va ularning ijrosi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati borasida ma’ruzalar tinglandi.

O‘quv-seminar nafaqat ma’ruza balki, amaliy mashg‘ulotlar shaklida o‘tkazilmoqda. Ishtirokchilarga ma’ruzalarda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda guruhlar bilan ishlash orqali sinab ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Seminar ishtirokchilari guruhlarga bo‘linib amaliy mashg‘ulot olib borishdi. Mashg‘ulotlar davomida “Deputatning huquqlari va majburiyatlari”, “Deputat faoliyatining asosiy kafolatlari”, “Deputatning ish rejasi”, “Deputatning saylovchilar oldida hisoboti” kabi mavzulardagi qizg‘in bahs-munozaralar deputatlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirdi.

Shuningdek, deputatlarning asosiy vakolati bo‘lgan mahalliy budjetning shakllanishi va qabul qilinishi, uning ijrosi ustidan nazorat mexanizmlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va investitsiya dasturlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, Dasturlar ijrosi bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatish bo‘yicha nazariy bilimlar orqali amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.

Bundan tashqari, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil qilishning yangicha shakllari, deputatning notiqlik san’ati va nutq madaniyati mutaxassislar tomonidan amaliy jarayonlarda ko‘rsatib berildi.

Ta’kidlash kerak, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mahalliy vakillik organlaridagi deputatlik guruhi a’zolari malakasini doimiy ravishda oshirib borish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini belgilib olgan. Shundan kelib chiqqan holda bu kabi o‘quvlar joylarda tizimli tashkil etib boriladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati 

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1542
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+