Asosiy maqsadimiz – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash

29.09.2020, 12:06

Asosiy maqsadimiz – oziq-ovqat  xavfsizligini ta’minlash

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi. Ana shunday murakkab vaziyatda bozorlarni zarur mahsulotlar bilan to‘ldirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylandi.

Mamlakatimizda bu boradagi ishlar pandemiya boshlangan ilk kunlardanoq tizimli ravishda, chuqur o‘ylangan reja asosida yo‘lga qo‘yildi. Agar o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmaganida, hozirgi og‘ir sharoitda ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash juda og‘ir kechishi mumkin edi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyadagi nutqida oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan muhim tashabbusni ilgari surgani bejiz emas. Sababi, hozir butun dunyoda kechayotgan pandemiya tufayli har birimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etganiga guvoh bo‘ldik. Aynan pandemiya sababli mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarda uzilishlar ro‘y berdi, natijada aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ymagan davlatlar fuqarolariga ochlik bevosita tahdid sola boshladi. Boshqacha aytganda, pandemiya har bir davlatga o‘zining mavjud ichki resurslarini ko‘rib chiqib, foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solishi lozimligini ko‘rsatdi.

Shu jihatdan, Shavkat Mirziyoyev ushbu sessiyaning yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq­ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullashini alohida ta’kidladi.

Haqiqatdan, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi ko‘plab davlatlar siyosatining muhim tarmog‘iga aylandi. Yurtimizda ushbu sohani modernizatsiya qilish maqsadida nafaqat davlat budjeti, balki xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablag‘i jalb qilindi. Tizimga qaratilayotgan ana shunday e’tibor, yo‘naltirilayotgan katta moliyaviy mablag‘lar tufayli mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, bu yilgi murakkab sharoitda ham g‘alladan olti yarim million tonnaga yaqin hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilgani, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasining qabul qilingani nafaqat aholi turmush darajasini oshirish, balki ularni zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini beryapti. Bir so‘z bilan aytganda, dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda O‘zbekistonda shakllangan yangi va chuqur o‘ylangan tizim o‘zini to‘la oqlamoqda.

Davlatimiz rahbarining qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi ham dolzarbligi va ayni vaqtida bildirilgani bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Yer yuzida pandemiya davom etayotgan murakkab sharoitda masalaning bunday qo‘yilishi barcha davlatlar uchun g‘oyat muhimdir. Zero, koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish eng muhim masalalardan biriga aylandi.

Mamlakatimizda ham bu ofat tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshdi, oilalar daromadi kamaydi. Bu muammolarga qarshi birinchi kunlardanoq pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish choralari ko‘rildi. Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham bir lahza bo‘lsa-da, to‘xtagani yo‘q.

Xususan, hozirgi murakkab vaziyatni hisobga olib, to‘qsonbosti va ertagi ekinlardan bo‘shagan tomorqalarga takroriy (o‘rtagi) ekinlar ekish yo‘lga qo‘yildi. Aholiga zarur urug‘lik, ko‘chatlar yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov xizmatlarini amalga oshirishda “Tomorqa xizmati” MChJlar yaqindan ko‘mak berdi. Hududlarda suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlar ekin ekishga tayyorlanib, mamlakatimizdagi mavjud 4,5 milliondan ortiq tomorqa yer egasi ixtiyoridagi 434,7 ming gektardan ortiq yer maydonidan samarali foydalanildi.

 Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 327,3 ming gektar maydonga takroriy ekinlar, jumladan, 25,9 ming gektar maydonga sabzavot, 15 ming gektar maydonga poliz, 930 gektar maydonga kartoshka hamda 285,5 ming gektar maydonga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. 38,5 ming xonadonda o‘z mablag‘lari va imtiyozli kreditlar asosida ixcham issiqxonalar qurildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida bugun respublika bo‘ylab “bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan mahallalar soni ortib bormoqda.

Bularning natijasida shu yilning birinchi yarmida yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmining 76,7 foizi shaxsiy tomorqa (dehqon) xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keldi. Qolgan 20 foizi fermer xo‘jaliklari, 3,3 foizi esa qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa agrotashkilotlar tomonidan yetishtirildi. Bunda yetishtirilgan sabzavotlarning umumiy hajmidan 86, poliz ekinlarining 62,9, meva va rezavorlarning 63,1, uzumning 55,3, go‘shtning 92,7, sutning 93,8, tuxumning 59,5, mavjud parrandalarning 60,1, yirik shoxli qoramollarning 93,4 hamda qo‘y va echkilarning 82,3 foizi shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xulosa shuki, bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barobarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali boshqa davlatlarning oziq-ovqat ta’minotiga ham hissa qo‘shyapti. Zotan, ayni vaqtda xalqaro hamjamiyatning alohida xavotir va tashvishiga sabab bo‘layotgan oziq­ovqat xavfsizligini ta’minlashga mamlakatimizda alohida missiya sifatida qaralmoqda.

 Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari  

  • Ko'rildi
    1313
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+