Taraqqiyot tabiatga putur yetkazilishi hisobiga bo‘lmasligi kerak

25.08.2021, 17:42

 Taraqqiyot tabiatga putur yetkazilishi hisobiga bo‘lmasligi kerak

Havo, suv va tuproqning ifloslanishi insonlar sog‘ligiga o‘nglab bo‘lmas darajada katta putur yetkazadi. Xususan, avtomobillar, sanoat korxonalari chiqargan dudlar mavjud havodan nafas oluvchilarda o‘pka, yurak va miya kasalliklari nisbatan ancha ko‘p uchraydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra havo ifloslanishi keltirib chiqargan xastaliklar tufayli har yili dunyoda 7,5 mln.dan ortiq odam vafot etyapti. Shu bois mamlakatimiz uchun ham atrof-muhit musaffoligini saqlash – hayot-mamot masalasi. Binobarin,  kecha Prezidentimiz raisligida  ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi va unda aniq chora-tadbirlar belgilanishini yurtdoshlarimiz, jumladan, partiyamiz faollari ham astoydil ma’qullayapti.

Yig‘ilishda shu yil kuz oylarida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 million dona tut, pavlovniya, chinor, eman, yong‘oq, jiyda, terak kabi mevali va manzarali daraxtlar ekish vazifasi qo‘yildi.

Daraxtlarni parvarishlash uchun har bir mahallaga bittadan, tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga kamida 5 nafardan ishchi biriktirish zarurligi ta’kidlandi. 

Hokimlarga shaharlar va tumanlar markazlaridagi 4 ming 500 kilometr ichki irrigatsiya tarmoqlarini tiklash bo‘yicha topshiriq berildi.

Shaharlarda yashil hudud va jamoat parklari tashkil qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytiriladi. Yashil hudud va jamoat parklaridagi daraxtlarni kesish qat’iyan taqiqlanadi. 

Toshkent shahri va viloyatlar markazida ekologiya politsiyasi tashkil etiladi. Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, chiqindilarni nojoiz joyga tashlash, brakonerlik kabi holatlarga qarshi kurashish vazifalari yuklatiladi. Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Tabiatga befarq bo‘lmagan bir fuqaro hamda partiya vakili sifatida ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jazo kuchaytirilishini ham to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Mutaxassislar aytayotganidek, O’zbekiston cho‘l-dasht zonasida joylashgan. Ya’ni, daraxt, umuman, o‘simlik o‘stirish juda qiyin. Javobgarlik ham shunga yarasha bo‘lishi ayni muddao.

Bizningcha, tabiatni asrash, daraxtzorlarni ko‘paytirish faqat ayrim tashkilotlar emas, balki  hammamizning yumushimizga aylanishi zarur. Jumladan, partiya ham o‘z imkoniyatlari doirasida ana shu ezgu ishga hissa qo‘shishga qodir va bu borada muayyan tashabbuslarni ilgari suryapti.       

Muxtasar aytganda, sanoat rivojlanishi, shaharlar kengayishi, umuman, har qanday taraqqiyot tabiatga putur yetkazish hisobidan bo‘lmasligi kerak.

 Behzod Isroilov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi xodimi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    620
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+