“Qari bilganni pari bilmas” yoxud O’zLiDeP huzurida tuzilayotgan Faxriylar Kengashi haqida

22.11.2021, 17:03

“Qari bilganni pari bilmas” yoxud O’zLiDeP huzurida tuzilayotgan Faxriylar Kengashi haqida

Bugungi shiddat bilan kechayotgan jadal islohotlar, yangilanishlar davrida ko‘plab tashkilotlar, jumladan, partiyamizda ham rahbarlik va boshqa lavozimlarda asosan yoshlar hamda o‘rta yoshlilar ishlayapti. Bu, albatta, yaxshi.  Lekin shu bilan birga partiya xodimlariga keksalar, katta hayotiy va ish tajribasiga ega bo‘lgan faxriylar har jihatdan o‘rnak va namuna bo‘lishlari foydadan holi bo‘lmaydi. Shu o‘rinda kichik rivoyatni keltirib o‘tmoqchiman.

Qadim zamonda bir podsho safarga chiqmoqchi bo‘lib, o‘z viloyatidagi hamma yosh yigitlarni chaqirtiribdi.

Podshoga qarashli bir qishloqda sakson yoshli kambag‘al chol yolg‘iz o‘g‘li bilan yashar ekan. Bu yigit nima qilishini bilmay, otasini ham o‘zi bilan birga sandiqqa solib, olib ketishga majbur bo‘libdi.

Shunday qilib, podsho o‘z yigitlari bilan safarga jo‘nabdi. Yo‘lda ular katta sahrodan chiqishibdi. Meshdagi suvlari tugab qolgan ekan. Havo issiqligidan, suvsizlikdan otlar ham holdan toyibdi. Podsho yigitlarga qanday bo‘lmasin, suv topishni buyuribdi. Yigitlar nima qilishlarini bilmay qolishibdi. Shunda haligi yigit otasiga maslahat solibdi:

– Ota, suv topishning iloji bo‘lmayapti, – debdi yigit.

– O’g‘lim, podshoga ayt, bir otni so‘ydirsin, otning go‘shtiga ari keladi. Ari go‘shtdan yeb, suvga qarab uchadi. Arining ketidan borsalaring, suvni topasizlar, — debdi chol.

Yigit otasi aytgan gaplarni podshoga yetkazibdi. Otni so‘yishibdi, qanoraga ilishibdi, arilar kelib qo‘nishibdi, keyin suvsab qolib, ucha boshlashibdi. Arining ketidan bular ham yo‘lga tushishibdi. Yurib-yurib bir daryo yonidan chiqishibdi. Hammalari quvonib, to‘yib-to‘yib suv ichishibdi, otlarni sug‘orishibdi, meshlarga ham to‘ldirib olishibdi.

Bu voqeani guvohi podsho yigitni o‘z yoniga chaqirtiribdi va:

– Sen o‘zing yosh yigitsan-u, bunday qiyin masalalarga qanday qilib yo‘l topding? – debdi podsho.

– Taqsir, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, aytaman, – debdi yigit.

– Ayt, – debdi podsho.

– Men qishloqda qari otam bilan yashar edim. Safarga chiqayotganimda qari otamni yolg‘iz tashlab kelishga ko‘nglim bo‘lmay, uni sandiqqa solib, o‘zim bilan birga olib yuribman. Bu maslahatni menga otam bergan edi, – debdi yigit.

Podsho cholni olib kelishni buyuribdi. Yigitlar cholni olib kelishibdi. Podsho cholga rahmatlar aytib o‘z yoniga o‘tqazibdi.

Qissadan hissa shuki xalqimiz “Qari bilganni pari bilmas” deya bejiz aytmagan.

Shu ma’noda yoshi ulug‘larning dono  yo‘l-yo‘riqlari  partiya xodimlarini xatolardan asraydi, to‘g‘ri va oqilona yo‘lni ko‘rsatadi.

Albatta, shu paytgacha O’zLiDeP o‘z ish faoliyatida ko‘pni ko‘rgan, tajribali, yoshi ulug‘ insonlar maslahatlariga doimiy ravishda tayanib kelmoqda. Biroq, aytish mumkinki, bu ishlar tarqoq, tizimli  yo‘lga qo‘yilmagan va turli-tuman sub’ektiv omillarga bog‘liq bo‘lib qolgan edi.  Qolaversa, hamma joyda hamma sohada bo‘lgani kabi partiyamiz tuzilmalariga yangi, hali tajribasiz xodimlar ham ishga olinmoqda. Ushbu xodimlarda ishga bo‘lgan mas’uliyat va ko‘nikmalarni shakllantirish, kasbga sadoqat ruhini singdirish kabi zarur maslahatlarni berishda faxriylarni o‘rni beqiyos.

Ana shulardan kelib chiqib, O’zLiDeP huzurida Faxriylar kengashini tuzishga qaror qilindi.

Ko‘pchilikda faxriylar kengashini tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad nima, bu tuzilma nimalar bilan shug‘ullanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu kengash  partiyamiz mafkuraviy va siyosiy faoliyatini mustahkamlash, partiya faxriylarining ijtimoiy faolligini kuchaytirish,  davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga partiya pozitsiyasidan kelib chiqib takliflarni tayyorlash, partiya kengashlari tomonidan o‘tkazilayotgan ommaviy-siyosiy, madaniy tadbirlarni o‘tkazish va partiya faoliyatiga taalluqli boshqa ko‘plab ishlar amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.

Ishonchimiz komilki,  tuzilayotgan Faxriylar kengashi partiyamiz nufuzi yanada yuksalishi, faoliyati takomillashuvi va qamrovi kengayishi, o‘tkazayotgan turli tadbirlarimiz, loyihalarimiz saviyasi va eng asosiysi hayotiyligini yanada  yaxshilanishiga munosib hissa qo‘shadi.

Akbar Muzaffarov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    3307
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+