Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari ajratish tartiblari soddalashmoqda

14.12.2021, 10:18

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari ajratish tartiblari soddalashmoqda

Ma’lumki, mamlakatimizda ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga o‘sib borayotgan talabini qondirish, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu sa’y-harakatlarning samarasi o‘laroq, yurtimizda kam ta’minlangan, nogironligi bor va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan  bolalar, nochor xotin-qizlar qo‘llab quvvatlanmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni esa bu xayrli ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi tabiiy. Binobarin, bu farmon O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O’zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib,  unda  2021 yil 10 dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartiblari belgilab berilgan.

Xususan, Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022 yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun 4 000 ta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurish va ushbu ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib “O’zshahar qurilish invest” IK MChJni belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Bundan tashqari farmonda bir oy muddatda Toshkent shahrida kamida 5 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kamida 2 tadan ipoteka xizmatlarini ko‘rsatish markazlarini tashkil etish qayd etilgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi. Shu bilan bir qatorda sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’iy nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi. Shuningdek, fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi berilishi yana bir katta imkoniyatdir.

Yangilanayotgan, yosharayotgan jonajon yurtimizda har bir fuqaro baxtli hayot kechirishga, jamiyatdan rozi bo‘lib yashashga haqlidir. Modomiki shunday ekan, Prezidentimizning mazkur farmoni ularning bu orzu istaklarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, o‘z uyi, turar joyi bor kishi Vatan tuyg‘usini yanada teranroq his etadi.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    272
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+