Qishloq xo‘jaligi sohasida ijobiy natijalarga erishildi

08.01.2022, 09:15

Qishloq xo‘jaligi sohasida ijobiy natijalarga erishildi

Poyoniga yetgan "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"ni kuzatib, Yangi ­­– 2022 yilga yangi orzu-niyatlar, ulkan maqsadlar bilan qadam qo‘ydik. Yakunlangan yil barchamiz uchun har jihatdan omadli yil bo‘lish bilan birga, hayotimizda yorqin iz qoldirdi.

Ko‘plab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etilib, tadbirkorlik harakati, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berildi. Yil davomida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

2021 yilda amalga oshirilgan eng muhim yangiliklar haqida mendan so‘rasalar, hech ikkilanmasdan, avvalo, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni alohida aytgan bo‘lar edim. Mamlakatimiz aholisining yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Tabiiyki, ularning turmush farovonligi qishloq xo‘jaligi tarmog‘i rivoji bilan uzviy bog‘liq. 

Shu jihatdan, dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya ta’siri, bahorda yog‘ingarchilikning kam bo‘lgani, yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, suv resurslarining har yilgidan sezilarli darajada tanqisligiga qaramay, ular barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishdi.

Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilda respublikamiz bo‘yicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi, 23 ming tonna pilla, 2,6 million tonna go‘sht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq yetishtirildi. Bularning barchasi yil davomida tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatning munosib samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini televideniye orqali tinglab, matbuotda o‘qib 2022 yilda sohada bo‘lgan e’tibor ikki barobar oshishiga amin bo‘ldim. Chunki tabrikda xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch  va imkoniyatlar safarbar etilishi aytildiki, bu joriy yilda agrar sohaga ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishiga ishoradir.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan yangi – 2022 yilni mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilinishi zarimida juda katta ma’no mujassam. Sababi inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, degani. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla  hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Nega desangiz, mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini ta’minlash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma sanaladi. Aniqroq aytganda, mahalla Vatan ichra kichik vatandir. Demak, uning obodligi, go‘zalligi va ko‘rkamligi uchun jon koyitish har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gap bejiz aytilmagan. Shu ma’noda, farzandlarimizning ma’naviy barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, yosh oilalarning mustahkam oyoqqa turib olishida ushbu tuzilmaning rolini yanada oshirish har qachongidan ham muhimdir.

Albatta, yurtimizda qishloq va mahallalarni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, yurt ertasi, istiqboli va taraqqiyoti mahallalar obodligi hamda go‘zalligi bilan chambarchas bog‘liq. Mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa – butun jamiyat o‘zgaradi.
   

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi

masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    321
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+