Iqtisodiyotda tub burilish davri keldi

08.01.2022, 12:44

Iqtisodiyotda tub burilish davri keldi

O’zingiz bir o‘ylab ko‘ring, yurtimizda rivojlanmagan, yangilanmagan soha qoldimi? Sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, naft-gaz qazib olish va qayta ishlash deysizmi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik deysizmi, hammasi yangilanish bosqichiga kirgan. Yangilanayotgan yosharayotgan O’zbekistonni bugun Yangi O’zbekiston deya atashga to‘la asoslarimiz bor. Xalqimiz bu hayotiy yangilanishlar epkinini mamnuniyat bilan qarshi olib, yurt traqqiyoti va ravnaqiga hissa qo‘shishni o‘zlarining fuqarolik burchi sifatida qabul qilmoqda.

Prezidentimiz “Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekishdan oldin uning loyihasini xalq nazaridan o‘tkazish, xalq fikrlari bilan boyitishni lozim topdi. Albatta, bu adolatli xalqchil fuqarolik jamiyatiga xos bo‘lgan tamoyildir.

Quvonarlisi esa muhokamada jamoatchilik vakillari faol ishtirok etishmoqda. Taraqqiyot strategiyasining 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da belgilanganidek, raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver” sohaga aylantirilib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 barobar, ularning eksportini esa 10 barobar oshirib, 500 mln AQSh Dollariga yetkaziladi. Chunki bu Taraqqiyot strategiyasining aniq maqsadi va bu maqsadni to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun bizda imkoniyat, shart-sharoit va salohiyat yetarlidir.

Shuningdek, mamlakatimizda raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish orqali barcha aholi maskanlarini va ijtimoiy ob’ektlarini va magistral avtomobil yo‘llarini keng polosali ulanish tarmoqlari bilan qamrab olish, moliya va bank sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlash borasidagi loyiha ham keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Albatta, bu maqsadlarni amalga oshirish uchun moliyaviy-iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni optimallashtirish,  ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha katta va keng qamrovli ish olib borish juda muhimdir.

Tan olish kerak, bugun aholiga bank xizmati ko‘rsatish sohasida bir talay muammolar mavjud. Bu muammolarni bartaraf etishda bank xizmatlari onlayn turlarini kengaytirish hamda kredit ajratish bo‘yicha tahlillarni avtomatik tarzda amalga oshirish bo‘yicha skoring tizimlarini joriy etilishi juda muhimdir. Shu ma’noda iqtisodiyotni real sektorida va tijorat banklari axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida 700 nafar mutaxassisni tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi davr talabi. Bu boradagi ishlar 2022 yil - “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da amalga amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Biz deputatlar xalq orasida ko‘p bo‘lamiz. Qizg‘in suhbat va muloqotlar asnosida ularning fikri, o‘y-xayollarini o‘rganamiz. Undan shunday xulosa chiqarish mumkinki, mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil va hayotiy islohotlar mohiyatini  xalqimiz mamnuniyat bilan qabul qilmoqda va qo‘llab quvvatlamoqda. Shuning o‘ziyoq yurtimizda olib borilayotgan siyosatni xalqchil, insonparvar siyosat deb atasak, sira xato bo‘lmaydi.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati 

  • Ko'rildi
    442
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+