Muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq

14.01.2022, 10:31

Muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq

Jonajon Vatanimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek asrab, sharafli va muqaddas burchni mardonavar ado etayotgan harbiy yigitlarimizni qancha ardoqlasak, shuncha kam. Chunki yurtimiz osmonining musaffoligi, tinchligimiz, xotirjamligimiz va yurtimiz taraqqiyoti negizida shu mard va jasur o‘g‘lonlarimizning tunlari mijja qoqmay postlarida sergak turishlari mujassamdir.

Bu yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. Bu ulug‘ sana mamlakatimizda o‘zgacha shodu xurramlik bilan tantana qilinmoqda. Maktablar, litseylar, oliy o‘quv yurtlari, harbiy qismlar va mehnat jamoalarida o‘tkazilayotgan bayromana tadbirlar har bir yosh yigit va qizlarda yurtga muhabbat hislarini uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Qurolli Kuchlarimizning jangavor shayligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini yangilash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini har tomonlama kuchaytirish, yoshlarni vatanparlik ruhida tarbiyalash borasida salmoqli ishlar olib borilayotganligini e’tirof etiish joiz.

Binobarin, harbiy kuch-qudratimizni mustahkamlash, qurol-aslaha, harbiy texnikalar zahirasini yaratish va Armiyamiz kuch-qudratini yuksaltirish masalalari Yurtboshimiz tomonidan olg‘a surilayotgan Taraqqiyot strategiyasida ham o‘z aksini topgan. Unda davlatning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini, uning imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirish, mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash va mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida O’zbekiston Respublikasining “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish, O’zbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish Milliy markazini zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan jihozlash, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yagona ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash tizimini yaratish bo‘yicha dasturlar amalga oshiriladi.

Mutafaakir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir. O’z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan azmu shijoatli harbiylarimiz – g‘oyat mas’uliyatli va olijanob  vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda fahrlanamiz.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    212
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+