Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirib turuvchi ustunliklarini rivojlantirish yo‘lida

29.01.2022, 14:44

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirib turuvchi ustunliklarini rivojlantirish yo‘lida

O’zbekiston xalqi rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulug‘ maqsadlar bilan yashamoqda. Shundan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi Prezident saylovida “Inson qadri uchun”, “Davlat — inson uchun” degan g‘oyalarni ilgari surgan edi. Ularni hayotga tatbiq etish maqsadida, aholining fikr va takliflari asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Unda yettita ustuvor yo‘nalishlar qatorida  “ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish” ham bor.

Mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ushbu keng miqyosli rejalar, yangi ishlar va tashabbuslarni amalga oshirish asosiy  savdo hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lib, ulardan birinchisi – Xitoydir. Bugungi kunda davlatlararo munosabatlar ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va  Si Szin Pin o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchli shaxsiy munosabatlarga asoslanadi.  

O’zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlik sohasidagi boshqa tahdidlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qarashlarning mos kelishi yoki yaqinligi yordam bermoqda.  

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy kelishuvga ko‘ra, eng ko‘p qulaylik rejimi o‘rnatilgan. Buning samarasida bugun Xitoy O’zbekistonninng savdo hamkorlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, yaqin yillarda tashqi savdo aylanmasini 10 milliard dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Bugungi  kunda tomonlar o‘rtasida  yuqori darajadagi  siyosiy ishonch saqlanib turibdi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport va qishloq xo‘jaligi sohasidagi  hamkorlik izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashmoqda.

Umuman olganda, O’zbekiston  XXR bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatdorlik va  manfaatlarni hisobga olish, teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni  kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Joriy yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yil to‘ldi, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ming yillik do‘stona aloqalar tarixida yana bir muhim bosqichdir. Bu qisqa davr ichida zamonaviy davlatlararo munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik  darajasigacha ko‘tarildi, davlatlar deyarli barcha sohalarda o‘zaro manfaatli  hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdi.

Bularning barchasi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin Pin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida o‘z aksini topdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida  xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortgan qator  tashabbuslarni ilgari surdi.

To‘siqlarsiz savdoni ta’minlash, umumiy savdo kooperatsiyasi va mahalliylashtirish makonini shakllantirishga qaratilgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqoti yangi strategiyasini ishlab chiqish taklifini alohida  ta’kidlash joiz. Bizningcha, mintaqamiz korxonalari uchun bu o‘rnatilgan quvvatlardan oqilona foydalanish, bandlikning o‘sishiga  yordam beradigan  mavjud resurslardan  mukammal foydalanish samarasida, Xitoy ko‘magida yuqori ishlab chiqarish samaradorligiga erishish imkonini beruvchi samarali va zamonaviy usuldir. Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ijtimoiy ahvolning yaxshilanishiga  yordam beradi.

Yirik korxonalar hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari  o‘rtasida davlatlararo sanoat kooperatsiyasini  kengaytirish, mintaqaviy ishlab chiqarishda mahalliylashtirish jarayonlarini  chuqurlashtirish,  mahalliy xomashyo resurslari negizida  import o‘rnini bosuvchi va Markaziy Osiyo  ichki bozorini  zarur  iste’mol  mahsulotlari,  dori vositalari, ishlab chiqarish-texnika maqsadlar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar bilan to‘ldirishni ta’minlovchi  ishlab chiqarishlarni  tashkil qilish sanoat o‘sishini ta’minlashning muhim va ajralmas  omil  bo‘lib xizmat qiladi.

Amalga oshirishning ahamiyati shuningdek, jahon iqtisodiyotida  ko‘plab muammolarni  keltirib chiqargan  koronavirus pandemiyasi bilan ham  bog‘liqdir. Dunyo miqyosidagi  ko‘plab sonli sanoat korxonalari uchun  chegaralarning yopilishi va  logistika zanjirlarining  buzilishi  muhim elementlar va butlovchi buyumlarni yetkazib berishda uzilishlarga olib keldi. Natijada, ko‘p mamlakatlar  importa jiddiy e’tibor berishdan voz kechib, ichki mintaqaviy bozor uchun juda muhim bo‘lgan  mahsulot ishlab chiqarishni  kengaytirmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yana bir muhim tashabbusi “Xitoy – Markaziy Osiyo” yo‘nalishi bo‘ylab  yuk oqimining uzluksizligini ta’minlash va  transmintaqaviy  logistika tarmoqlarini  rivojlantirish uchun  tizimli yechimlar  ishlab chiqishning favqulodda muhimligi bo‘ldi. Xususan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O’zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ro‘yobga chiqarishga joriy yildayoq kirishish taklif etildi. Ushbu yo‘lak  Yevropaga yuk tashishning eng qisqa yo‘nalishiga aylanishi mumkin, demak, u mintaqamizdan  Transkavkaz yo‘lagi orqali Sharqiy Yevropaga yuk tashish imkonini beradi.

Shu bois, barcha tomonlar bu loyihaga katta qiziqish bildirishmoqda. Masalan, O’zbekiston temir yo‘l sohasi vakillari ushbu tashabbusni loyihalash, qurilish-montaj ishlarini rejalashtirishda faol ishtirok etishdi. Chunki  bu hudud  Angren-Pop  yo‘nalishiga o‘xshaydi, bu yerda  ko‘plab sonli  muhandislik inshootlari, tunnellar va ko‘priklar barpo etilishi kerak bo‘ladi.

Ekspertlarning  fikricha, “Xitoy – Qirg‘iziston –O’zbekiston” temir yo‘li Ikkinchi kontinental  transport ko‘prigining  janubiy yo‘lagini  ochibgina qolmay, uchta mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi bozorlarni tashkil etish  imkonini ham beradi.  

Loyihaning dastlabki parametrlariga ko‘ra, Sharqiy Osiyodan  Janubiy Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlarigacha bo‘lgan masofa 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish muddati esa, 7-8 sutkaga qisqaradi. Bundan tashqari, qurilish Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infrtatuzilmasini rivojlantiradi, ularning Fors ko‘rfazi va Tinch okeani portlariga qulay chiqishini ta’minlaydi, mintaqa mamlakatlarining tabiiy resurslarni  o‘zlashtirishi va foydalanishini  kuchaytiradi.

O’zbekiston Prezidentining navbatdagi tashabbusi pandemiya davrida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini  qondirish bo‘yicha  yaqin hamkorlik qilish va avvaldan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish strategik zarurati bo‘ldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O’zbekiston uchun ham  agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, sho‘rlangan va sho‘rxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq o‘rtasida  ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga  qo‘yishda Xitoy tajribasi va ushbu mamlakat bilan  hamkorlik qilish  katta qiziqish uyg‘otadi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi Xitoyda 300 million nafardan ortiq fermerlarni ish bilan ta’minlagan muhim sohadir. Bu mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi, ularni import qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Aynan shu bois, XXR innovatsion va agrar texnologiyalarni  agrar sohaga faol joriy etgan holda,  ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Garchi Xitoyda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab  chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lsada, uning umumiy maydonining atigi 10 foizigagina ishlov berish mumkin.

Xitoy kompaniyalari qishloq xo‘jaligidagi jarayonlarni raqamlashtirish uchun  turli dasturlar va ilovalar ishlab chiqishmoqda.  Butun Xitoy bo‘ylab  zamonaviy qishloq xo‘jaligi  sanoat parklari  tashkil qilinmoqda. Tomchilab sug‘orish, aqlli o‘lchash, hosildorlikni taqsimlash, zararkunandalarga qarshi  kompleks kurashish va yer tarkibini  o‘rganish kabi innovatsiyalar inson mehnatini  kamaytirish imkonini bermoqda.

 Shavkat Mirziyoyev uchrashuv chog‘ida kambag‘allikni qisqartirishni aholi farovonligini ta’minlashning eng muhim sharti deb atab, IT-parklar negizida qo‘shma “Intellektual Ipak yo‘li” platformasini yaratish, muqobil energetika sohasida investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek, yuqumli kassallklarga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlaymizki, o‘tgan 30 yilda  O’zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar  jadal va barqaror tus oldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Ipak yo‘lining Iqtisodiy makonini barpo etish tashabbusi doirasidagi muhim vazifani hal etish, ya’ni savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish,  Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldirib turuvchi ustunliklarini hisobga olgan holda, ushbu  imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish bo‘yicha umumiy ishlarga o‘zining munosib  hissasini qo‘shadi.

Aktam Xaitov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi

  • Ko'rildi
    1085
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+