Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashda muhim yo‘nalish

31.01.2022, 16:01

Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashda muhim yo‘nalish

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 26 yanvar kuni 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida inson qadrini ulug‘lash, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Bu adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulug‘vor maqsad bilan yashab kelayotgan ko‘pmillatli xalqimizni nihoyatda to‘lqinlantirgani ayni haqiqat.

Ta’kidlash joizki, chuqur islohotlar natijasida mamlakatimizda “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.

Ma’lumki, dasturning xalqchilligi shundaki, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgach, keng jamoatchilik tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha Davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod taklif kelib tushib, Davlat dasturini takomillashtirish  jarayonida 300 dan ortiq yangi tashabbus bilan to‘ldirildi.

Davlat dasturining aynan uchinchi “Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash” ustuvor yo‘nalishida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda respublikaga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirish, bunda Mo‘ynoqning yangi aeroporti imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi belgilab berilgan.

E’tiborli tomoni Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasining aynan Mo‘ynoq tumaniga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida keyingi besh yilda mazkur hudud aholisini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur ishlab chiqilib, izchil amalga oshirildi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish, mavjud tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini keng jalb etish, aholi hayot darajasi va sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar qilib aytganda, Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sag‘indiq Turmanov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani

qo‘llab-quvvatlash vaziri, O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston

Respublikasi Kengashi raisi.

  • Ko'rildi
    845
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+