Tomorqachilar endi Chiroqchi tumanidagi o‘quv ilmiy markazda bilimlarini oshiradilar

11.02.2022, 17:41

Tomorqachilar endi Chiroqchi tumanidagi o‘quv ilmiy markazda bilimlarini oshiradilar

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huzuridagi jamg‘arma ta’sischiligida Chiroqchi tumanida barpo etilgan Tomorqachilik o‘quv ilmiy-amaliy markazi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

O’quv ilmiy markazda tuproqshunoslik va biogumus, agrotexnik xizmatlar ilmi, issiqxona va parnik xo‘jaligi bo‘yicha o‘quvlar, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, agrokimyo, bog‘dorchilik va ko‘chatchilik ilmi hamda sabzavotchilik va polizchilik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yiladi.

-Bu o‘quv ilmiy markazda o‘qish kasb yoki yosh tanlamaydi, - deydi marosimda ishtirok etgan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov. – Chunki yoshi, egallab turgan lavozimi va kasb-koridan qat’i nazar har bir kishi tomorqachilik ilmidan boxabar bo‘lish uchun mazkur o‘quv ilmiy markazda o‘z bilim va tajribasini boyitishi mumkin. Masalan, men o‘zim ham Qarshi shahridagi hovlimda qo‘y, tovuq, quyon boqayapman, kelgusida mo‘‘jazgina issiqxona ham qurmoqchiman. O’z hovlingda o‘zing yetishtirgan sabzavotlarni o‘z qo‘ling bilan uzib yeyishga nima yetsin. Demak men ham bu yerda o‘z bilimimni oshirsam zarar qilmaydi.

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini Kengashi huzuridagi jamg‘armaning 2 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘i hisobidan barpo qilingan o‘quv ilmiy markazning uch qavatli binosida tinglovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Elektron tablo, tomorqada turli ekinlarni ekish bo‘yicha qo‘llanmalar, kompyuter, printer, nusxa ko‘chirish uskunalari va o‘simliklar klinikasi mavjud.

-Jamg‘arma tomonidan 6 mlrd 903 mln so‘m mablag‘ ajratib berdik va shu hisobdan  Chiroqchi tumanidagi Sho‘rbozor hududida 72 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatildi, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari  va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov. – Bundan tashqari Qamashi tumanidagi G’allakor massivida 80 gektar bog‘ va tokzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida Chiroqchi tumanidagi Hamid Olimjon nomli hududida muzlatkich, inkubator, tovuqxona qurish va 100 ming ta ko‘chat yetishtirish, Dilla Safarov nomli massivda 60 gektar intensiv tokzor barpo qilishni ko‘zda tutganmiz. 

Tomorqani daromad manbaiga aylantirish, aholining  o‘zini o‘zi ish bilan band etish, bozorlarni to‘kinligini ta’minlashda o‘quv ilmiy markazining ahamiyati nihoyatda katta. Chunki tomorqa ilmini mukammal egallagan kishi bir parchagina yerdan ham daromad topishga intiladi. Zero, inson qadri uchun g‘oyasi mohiyatida ham mehnat qilish va uning rohatini ko‘rishdek ulug‘vor ma’no mujassam.

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    306
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+