Deputat ko‘magi: qishloqda dorixona ochildi, o‘quvchilar uchun transport yo‘lga qo‘yildi, eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi

28.02.2022, 16:55

Deputat ko‘magi: qishloqda dorixona ochildi, o‘quvchilar uchun transport yo‘lga qo‘yildi, eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi

30-G’ijduvon saylov okrugidan parlament quyi palatasiga saylangan deputat Shuhrat Bafoyev tumanning Chag‘dari MFY hududidagi 23-umumta’lim maktabida saylovchilar bilan uchrashdi.

Tuman xalq ta’limi tizimidagi ba’zi muammolar ham uchrashuv ishtirokchilarini befarq qoldirgani yo‘q. 23-umumta’lim maktabi pedagoglarining fikricha bir sinfda 35 nafar o‘quvchining bilim olishi ularning fanlarni talab darajasida o‘zlashtirishiga, har bir fanni chuqur o‘rganishiga ozmi-ko‘pmi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O’rtacha 20-25 nafar o‘quvchi o‘qiydigan sinfdagina o‘quvchilar davomatida ham fanlarni o‘zlashtirishida ham kutilgan natijalarga erishsa bo‘ladi.

Shu kuni deputat Sh.Bafoyev maktab o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvi chog‘ida ularning kelgusidagi rejalari, orzu-istaklari bilan ham qiziqdi. O’quvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdi.

Bundan bir muncha vaqt oldin Baraka MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Nazira Hamroyeva o‘z deputatiga murojaat etib, mahallada dorixona tashkil etish dolzarb muammoga aylanib qolganligini ma’lum qilgan edi. Ushbu masala MFYdagi hokim yordamchisi Rustam Boboxadjayev hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining hududdagi yordamchisi Baxtiyor Ismoilovlar sa’y-harakati bilan ijobiy hal etilib, dorixona uchun MFY binosidan 2 ta xona ajratildi. Dorixona tegishli dori-darmon vositalari bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Uchrashuv davomida Deputat Sh.Bafoyev tomonidan dorixona ham ko‘zdan kechirildi.

Boshqa bir aholi maskani –“Chag‘dari” MFYda yashovchi 45 yoshli Naima Po‘latova og‘ir buyrak xastaligiga chalinganligi tufayli shifoxonada yotib davolanishi uchun order ajratilishida yordam so‘radi. Bu masala ham mahalliy tashkilotlar ko‘magida qisqa vaqt ichida ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Baraka MFY aholisi nomidan uchrashuvda so‘zga chiqqan Yangiyer qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Karom Esanov xonadonlarni elektr quvvati bilan ta’minlashda keyingi paytda uzilishlar ro‘y berayotganligini bildirdi. Shuningdek, umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnash uchun transport xizmati tashkil etilmaganligidan uzoq masofaga borib kelish ota-onalar va o‘quvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirayotganligini  aytib o‘tdi. Deputat Sh.Bafoyevning tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga qilgan murojaati natijasida qishloqdagi elekrt uzatishga mo‘ljallangan 6 ta simyog‘och yangisiga almashtirish ishlari boshlab yuborildi. Uchrashuvda ilgari surilgan transport masalasi ham deputat va mutasaddilar aralashuvi bilan ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.   

  • Ko'rildi
    579
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+