Farzandlarimiz tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz

01.04.2022, 11:59

Farzandlarimiz tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz

Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, deyishadi. Ayniqsa, nafis xilqat sohibalari bo‘lmish xotin-qizlar ishtirokida janjal ko‘tarilsa, kishining ko‘ngli xira tortarkan.   

Yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda Gulistondagi maktablardan birida o‘quvchi qizning boshqa qizlar tomonidan “samosud” qilinishi, kaltaklanishi aks etgan lavhaga ko‘zim tushib qoldi. O’zbekona mentalitet, boy madaniyat-ma’naviyatimizga xos bo‘lmagan, yarashmagan bu holatga guvoh bo‘lib, kayfiyatim tushib ketdi.   

Qizlar bilan bog‘liq yuz bergan bu fojea nafaqat shu o‘smir qizlar, balki jamiyatning barcha a’zolari, oila, maktab, mahalladagilar, biz, kattalarning loqaydligi, befarqligi tufayli sodir bo‘lgan, deb hisoblayman.

Qiz bola tarbiyasi o‘ta nozik tarbiyadir. Bo‘lg‘usi ona, oila bekasi bo‘ladigan qizlarning ma’naviy olami, ichki dunyosi go‘zal bo‘lishiga oilada e’tibor qaratilishi kerak. Ota-onalar ularda shunday xislatlar shakllantirish uchun mas’ul hisoblanadi. Nazarimda, bu qizlarning ota-onalari farzandini xulqidagi o‘zgarishlarni sezishi, oila davrasida, jamoat joylarida o‘zini tutishni o‘rgatishi, doimiy odob-axloq me’yorlariga amal qilishi, tengdoshlari bilan munosabatlarini, kim bilan do‘st tutingani, qayerga borayotgani, vaqtini nimalarga sarflayotganini nazorat qilishi kerakligini unutgan ko‘rinadi chog‘i. Yo‘qsa, qizlar bu darajada uyatga qolmagan bo‘lar edi.   

O’zboshimchalik bilan sud qilish — haqiqiy yoki taxmin qilinayotgan jinoyatchini davlat organlariga murojaat etmasdan noqonuniy yo‘l bilan jazolash tushuniladi.

Respublikamizda o‘zboshimchalik bilan sud qilish orqali fuqarolarni jazolash qonun bilan taqiqlangan.

Xususan, O’zbekiston Respublikasining Kostitutsiyasining 24-moddasiga ko‘ra, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir, 26-moddasida esa, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan. Eng achinarlisi, janjalni to‘xtatish o‘rniga bu “samosudni”ni tasvirga tushirib, ommalashtirayotganlar ham oramizda ko‘payib qoldi. Shaxs sifatida shakllanish jarayonida yoshlar tashqi ta’sirlar va hissiyotlarga juda beriluvchan bo‘ladi. Shu bois ular orasida bunday ma’lumotlarni tarqatish o‘sib kelayotgan yosh avlodning xulq-atrofiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir etishi, “men ham shunday nojoiz harakat qilsam, ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘larkanman” qabilidagi yanglish xulosaga kelishi mumkin.

Shu o‘rinda keyingi vaqtlarda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masala, ya’ni fuqaroning ruxsatisiz uni tasvirga olishni taqiqlash va tarqatish bo‘yicha belgilangan me’yorlarni kuchaytirish vaqti keldi, deb hisoblayman.

Mamlakatimizda yoshlarning intelektual salohiyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, ulardagi muammolarni o‘rganuvchi va yechimiga mas’ul etib belgilangan yangi tizim eng quyi bo‘g‘in ham tizimli tashkil etilgan. Ayniqsa, qizlarning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, ta’lim-tarbiya olishi uchun yetarlicha sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan.

Bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana olmayotgan hamyurtlarimizning borligi esa, ularning ota-onalari, ustozlari, atrofdagilar va butun jamoatchilikdan xushyorlik, talabchanlik va mas’uliyatli bo‘lishni talab etadi.

  Madina BARATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi,

“Yoshlar komissiyasi”a’zosi.

  • Ko'rildi
    253
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+