O’zbekiston-Turkiya: hamkorligimiz har tomonlama strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi

02.04.2022, 09:16

O’zbekiston-Turkiya: hamkorligimiz har tomonlama strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi

O’zbekiston Respublikasi va davlatimiz mustaqilligini birinchi bo‘lib e’tirof etgan Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga shu yili 30 yil to‘ldi. Xalqlarimizni chuqur tarixiy ildizlar, umumiy diniy qadriyatlar, tillarimizning o‘xshashligi, urf-odatlarimizning mushtarakligi birlashtirib turibdi. O’zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona aloqalar o‘tgan davr mobaynida yanada mustahkamlandi. 

 Hamkorligimiz 1996 yilda tuzilgan Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan boshlab, 2017 yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va 2018 yilda yangi formatdagi muloqot – yuqori darajali O’zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi tuzilgunga qadar yorqin yo‘lni bosib o‘tib, keyingi yillarda O’zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik yanada faollashdi.  2020 yilda Prezident Shavkat Mirziyovning Anqaraga tashrifi mobaynida yuqori darajali Strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.   

Mazkur hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikning tobora kuchayib borganini yaqqol namoyon etmoqda.  Oliy darajadagi uchrashuvlarda imzolangan bitimlar esa izchil amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari hamda ma’muriy-hududiy birliklari darajasida doimiy aloqalar rivojlantirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish masalalariga qaratilyapti.   

Savdo va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik ham tobora rivojlanib bormoqda. Masalan, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo aylanmasi 3,6 milliard dollardan ortdi, boshqacha aytganda, 2,5 barobarga o‘sdi.  Qo‘shma korxonalar soni 5 barobarga ortdi va 2 mingtaga yetdi. Investitsion hamkorlik ko‘rsatkichlari  70 barobarga ortdi. So‘nggi yillarda Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikda O’zbekistonning dinamik rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan 5 ta yirik energetika loyihasi amalga oshirildi.  Amalga tatbiq qilinishi davom etayotgan loyihalar  ham hisobga olinsa, ushbu stansiyalarning umumiy quvvati 1,4 ming megavattni tashkil etadi.   

Ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan munosabatlar ko‘p qirrali o‘zbek-turk hamkorligini rivojlantirishga zamin yaratdi. Ikki mamlakat prezidentlarining o‘zaro rasmiy tashriflari va doimiy aloqalari konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamladi va samarali amaliy sheriklikka keng yo‘l ochdi. O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning taklifiga asosan 2022 yilning martida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Erdo‘g‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi do‘stona aloqalarning mantiqiy  mantiqiy davomi bo‘ldi. 

Ushbu tashrifning tarixiy ahamiyati shundaki, o‘zaro sa’y-harakatlar, aloqalar ko‘lamini e’tiborga olgan holda ikki davlat rahbarlari hamkorlikni yangi bosqich – har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi. Buning uchun tomonlar muzokaralar davomida hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, transport, to‘qimachilik sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi yo‘nalishlarga batafsil to‘xtalishdi. O’zbekistondagi islohotlar doirasida aloqalarni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, ta’lim, ilm-fan, san’at, kino, turizm va axborot sohasida o‘zaro  kelishuvlarga erishilganini ta’kidlash lozim. 

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Erdo‘g‘an O’zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni kooperatsiya dasturlari va loyihalarni amalga oshirish yo‘li bilan yanada kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tishdi. Shu asosda tomonlarning mavjud ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solish, jumladan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmidan faol foydalangan holda rivojlantirish zaruriyati qayd etildi.  

Qo‘shma bayonot imzolangan oliy darajadagi O’zbekiston – Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi natijalariga ham ushbu rasmiy tashrif doirasida ijobiy baho beramiz. Bundan tashqari, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida ko‘p tomonlama o‘zbek-turk hamkorligini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan 9 ta hujjat, jumladan, preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim, davlat chegaralari orqali tovar va transport vositalarining harakatlanishi to‘g‘risidagi axborot bilan avvaldan  almashinuv to‘g‘risidagi bayonnoma, Qurilish sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi va shu kabilar imzolandi.    

O’zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik darajasi oshishida turli darajali davlat tashkilotlari (parlamentlar, vazirlik va idoralar), shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari va oddiy fuqarolar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan munosabatlar ham muayyan ahamiyatga ega. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi (O’zLiDeP) bilan Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi (Adalet ve Kalkınma Partisi, ATP) o‘rtasidagi munosabatlarni ham alohida qayd etish joiz. Delegatsiya tarkibida ATP vakillari O.Chelik, O.Mesten va boshqalar ham yurtimizga tashrif buyurdi. Turkiya Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida ATP vakillari bilan O’zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi rahbariyati uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki partiyaning jamiyatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni muvozanatga keltiruvchi erkin bozor iqtisodiyotining muhim tarkibiy elementlari sifatida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, xususiy biznesga soliq va moliyaviy imtiyozlar berish, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish uchun davlat-xususiy sherikligi tashkil etilishiga  maqbul sharoitlar yaratish, eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar va shu kabilar bo‘yicha pozitsiyalari o‘xshash ekanligi qayd etildi.   Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki,   mazkur ikki siyosiy kuch partiyalararo hamkorlik asosida o‘zbek-turk strategik sherikligini mustahkamlash bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. 

Uchrashuv doirasida ikki davlat uchun ustuvor yo‘nalishlar, xususan, iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, mamlakatlar hududlari o‘rtasida  ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha ikki tomonlama o‘zaro sa’y-harakatlarni mustahkamlash maqsadida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish yo‘li bilan partiyalararo samarali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Xulosa tariqasida qayd etish kerakki, Turkiya prezidentining O’zbekistonga rasmiy tashrifi va uning natijalari strategik hamkorlik hamda ikki mamlakat davlat idoralari, ishbilarmonlik va jamoatchilik doiralari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanishining yorqin namunasi bo‘ldi, shuningdek, o‘zbek-turk munosabatlarini har tomonlama yanada rivojlantirish yo‘llarini ko‘rsatib berdi.  

Aktam Xaitov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi 

  • Ko'rildi
    253
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+