Termizda “Shahar kuni” nishonlanishi kerak

06.04.2022, 16:57

Termizda “Shahar kuni” nishonlanishi kerak

O‘zbekistonning “Janub darvozasi” deya e’tirof etiladigan Termiz shahri qadimiyligi va jahon tamaddunida munosib o‘rin tutishi bilan dunyodagi eng qadimiy, betakror madaniyat va buyuk tarixga ega Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlar qatorida turadi. Tarixda Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasi bo‘lib hisoblangan Termiz shahrining bu muhim xususiyati hozir ham dolzarb hisoblanadi.

Ayniqsa, so‘ngi yillarda Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida qo‘shni davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalarning yuksak darajada yo‘lga qo‘yilgani, o‘zaro munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani natijasida Termiz tom ma’noda O‘zbekistonning janubiy darvozasi bo‘lib, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. 

Davlatimiz rahbarining tinchlikparvar va xalqparvar siyosati tufayli Termiz shahrining qadimgi shuhrati yana qayta tiklandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shni davlatlar bilan amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalar, doimiy o‘sib borayotgan o‘zaro savdo-sotiq hajmi, nafaqat mintaqaviy, balki butun dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan yangi yirik transport-logistika koridorlarining yaratilishi, shuningdek, shaharda jahon andozalari darajasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida Termiz dunyoga ochilib, shaharning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati toboro yuksalib, me’moriy qiyofasi ham ko‘rkamlashib bormoqda. 

Bundan 20 yil oldin, ya’ni 2002 yil 2 aprel sanasida 1999 yil Parijda o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 30-sessiyasining “Termiz shahrining 2500 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash haqida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Termiz shahrining 2500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Termiz shahrining 2500 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangan edi. 

Shaharning 2500 yilligi munosabati bilan barpo etilgan Arxeologiya muzeyi Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, unda vohaning qadimiy madaniyati, Termizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan nufuzli o‘rni hamda tarixiy ahamiyatidan darak beradigan minglab noyob arxeologik eksponatlar saqlanadi. 

Bu qadimiy diyor benazir alloma Hakim at-Termiziy, islom dunyosida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida tan olingan Abu Iso at-Termiziy, tariqatchi Abu Bakr Varroq Termiziy, muarrix Samandar Termiziy, mumtoz shoir Sobir Termiziy kabi yuzlab aziz avliyolari bilan ham dunyoga ma’lum va mashhurdir. 

Termiz qadimdan harbiy-mudofaa qal’asi bo‘lib kelgan, o‘zining mustahkam va ishonchliligi bilan nom qozongan. Xususan, Avestoda “Bayrog‘i- tug‘i baland erlar yurti” deya ta’riflangan bo‘lsa, buyuk muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning mashhur “Zafarnoma”sida Termiz aholisining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi fidokorona kurashi tasvirlangan bo‘lib, bu shaharning “Madinat ur-rijol”, ya’ni “Mardlar shahri” deb atalgani qayd etilgan. 

Termiz shahri 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligi munosabati bilan “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan. Sohibqiron Amir Temurning aynan Termiz yaqinida o‘zining piri buzrukvori Mir Sayyid Barakadan hokimiyat ramzi bo‘lgan bayroq va jangovar nog‘orani qabul qilib olgani ham bejiz emas, albatta. 

Umuman aytganda, Termiz har kim umrida bir marotaba bo‘lsa ham kelib ko‘rishiga, sayohat va ziyorat qilishi uchun dunyoning eng munosib shaharlaridan biridir. Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da mamlakat sayyohlik salohiyatini oshirish va undan samarali foydalanishga qaratilgan ko‘plab yangi tashabbuslar, amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilganligi quvonarlidir. Ayniqsa, Jizzax, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida amalga oshirilishi belgilangan keng ko‘lamli aniq manzilli chora-tadbirlar diqqatga sazovordir. 

Taraqqiyot strategiyasida sayyohlikni rivojlantirish borasida belgilangan chora-tadbirlarga uyg‘un ravishda yuqoridagilardan kelib chiqib hamda jahon tajribasiga asoslangan holda Termiz shahrida ham “Shahar kuni”ning belgilanishi va har yili ushbu sananing tantanali nishonlanishining yo‘lga qo‘yilishi shaharning iqtisodiy faolligi va sayyohlik salohiyati yanada ortishiga xizmat qilgan bo‘lar edi. 

Shu o‘rinda “Shahar kuni” belgilanishi va nishonlanishi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tish joizdir. Odatda dunyoning aksariyat tarixiy va yirik shaharlarida turli sanalar munosabati bilan masalan, shaharning tashkil topishi yoki shahar tarixida o‘chmas iz qoldirgan voqeliklar bilan bog‘liq sanalar “Shahar kuni” sifatida belgilanib, bayram sifatida tantanali nishonlanib kelinayotganligini kuzatish mumkin. Misol uchun 248 yilda Rim shahrining 1000 yilligi nishonlanganligi tarixdan ma’lum. Mamlakatimizda esa 1996 yildan buyon 18 oktyabr sanasi Samarqand shahar kuni sifatida nishonlanib kelinadi. 

“Shahar kuni”ni belgilashda nishonlash qulay bo‘lishi uchun ko‘pincha dam olish kunlari yoki aniq sanalar belgilanib kelingan. Masalan, Termizning 2500 yilligi nishonlangan 2 aprel sanasini “Shahar kuni” sifatida belgilash mumkin va yoki sayyohlik mavsumini, shuningdek, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda boshqa sanalarni ham o‘rganib, qaror qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Shu o‘rinda yana bir taklif, Termizning o‘tmishdagi hamda hozirgi kundagi muhim harbiy strategik ahamiyatini e’tirof etish, yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, faxr-iftixor tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish, ularga qadimda shahar aholisining el-yurt mudofaasi yo‘lidagi qahramonliklarini o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida “Termiz – mardlar shahri” nomli mo‘’jazgina tarixiy yodgorlik majmuasi va xiyoboni barpo etilishi ham bugungi tinch-osoyishta hayotimizni qadrlash, ona Vatanimizning har qarichini asrab-avaylash, buzg‘unchi yot g‘oyalardan himoya qilishga chorlashga xizmat qilishi shubhasiz. 

Shuningdek, shahar aholisi, mehmonlar va sayyohlarda shaharning qadimgi dovrug‘i va bugungi zamonaviy me’moriy qiyofasi to‘g‘risida munosib tasavvur hosil bo‘lishi uchun asosiy magistral yo‘llarning shaharga kirish joyida “Termizning qadimiy darvozalari” ko‘rinishida me’moriy ob’ektlar barpo etilishi va albatta, shaharga kiraverishda “Amir Temur” ordenining porlab turishi shaharning jozibadorligini yanada oshiradi. 

Mazkur takliflarning jamoatchilik va mutasaddilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, amalga oshirilishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakat turizm salohiyatini targ‘ib qilish, shaharning qadimiy tarixini jonlantirish, shaharda obod maskanlarning ko‘payishi, shuningdek, vohamizga tashrif buyuradigan sayyohlar sonini oshirishga, ularning sayohatini mazmunan boyitishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Zero, Termizni madh etish, Vatanimiz tarixining bir bo‘lagi sifatidaO‘zbekistonni madh etishdir. 

Botir Mardayev,  
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    1575
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+