Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimiga o‘tishi afzalligi nimada?

27.04.2022, 16:11

Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimiga o‘tishi afzalligi nimada?

Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham davlat xizmatlari ko‘rsatishda korrupsiyaning oldini olish, byurakratik va ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha katta sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Davlat xitzmatlari ko‘rsatishda zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillardan voz kechish, inson omilini qisqartirish, qog‘ozbozlikka barham berish orqali xizmatlar darajasini yuksaltirish mumkin.

Prezidentimizning 2022 yil 20 apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, farmonda aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlangan.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 avgustdan boshlab, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etilishi belgilandi. Xo‘sh, bu tizim qanday ishlaydi va uning afzalliklari nimada, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Aytish joizki, Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda suratga olinadi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.

Yana bir qulaylik tomoni shundaki, mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi.

Bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022 yil 31 dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, Mobil-ID tizimiga bu odamning yuzi, undan hech narsani yashirib ham bekitib ham bo‘lmaydi. Hamma faoliyati ana shu tizimda mujassam bo‘ladi. Shunday ekan, bu tizimga o‘tish orqali byurakratik to‘siqlar, ma’muriy sansalarliklarga barham beriladi. Yana bir muhim va zarur tomoni shundaki, qog‘ozbozliklarga chek qo‘yiladi. Zotan, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi amalga oshirilayotgan ekan,  Mobil-ID tizimi bu sa’y-harakatlarni oqilona va odilana yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga shak-shubha yo‘q.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    453
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+