Qishloq xo‘jaligi ishlarini elektron tarzda kuzatib borish tizimi yaratiladi

28.04.2022, 16:19

Qishloq xo‘jaligi ishlarini elektron tarzda kuzatib borish tizimi yaratiladi

Joriy yilda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazi tashkil etilib, ularda 100 dan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu markazlarda zamonaviy laboratoriyalar quriladi, xorijiy mutaxassislar kelib ishlashi uchun imkoniyat yaratiladi. Eng muhimi, loyihalar bo‘yicha mablag‘larni boshqarish, yerlar va ekinlar hisobi, sug‘orish ishlari va hosildorlik elektron tarzda kuzatib boriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 27 aprel kuni  qishloq xo‘jaligida loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda bu haqda aytib o‘tdi. E’tiborli jihati shundaki, yig‘ilishda davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 400 million dollarlik 580 ta yangi loyiha shakllantirilganini, lekin kreditlar muddati qisqaligi yoki mutaxassislar yetishmasligi sababli ularni amalga oshirish kechikayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Xo‘sh, bu muammoni qanday hal qilsa bo‘ladi? Buning uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga loyihalarni o‘zi ishga tushirib, lizing asosida sotish vakolati yuklatildi. Xususan, joriy yilda 6 ta viloyatda qariyb 2 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilishi, jami 115 ming tonnali 17 ta kichik agrologistika markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularni tadbirkorlarga tayyor holda, lizing asosida sotish bo‘yicha Prezident tegishli tashkilotlarga topshiriq berdi.

Yig‘ilishda sohada xizmatlarni rivojlantirish, ekinlar hisobi va suv sarfini onlayn monitoring qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga har bir viloyat kesimida alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqib, ularning ijrosini joyida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligini izchil rivojlantirishda  ilm-fanga chuqurroq yondashish zarurligini ta’kidladi. Soha uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Toshkent davlat agrar universitetiga 17 million dollar kredit va grant jalb qilingan. Buning hisobiga universitet laboratoriyasi 129 turdagi zamonaviy asbob-uskuna bilan jihozlanadi, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, mexanizatsiya, oziq-ovqat sanoati kabi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha yangi tajriba uchastkalari tashkil etiladi, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Ammo soha uchun o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga katta e’tibor qaratish lozim. Buning uchun oliy ta’lim bilan kollej va texnikumlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash kerak. Shu bois mutasaddi vazirliklarga o‘rta maxsus o‘quv dasturlari, darsliklar va amaliyot tizimini soha korxonalari talablari asosida qayta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.

Umuman olganda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi muhim tarmoq hisoblanadi. Prezidentimiz sohani yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va xalqimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash haqida qayg‘urayotgan ekan, bu dolzarb vazifani barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar sidqidildan bajarishi lozim. Zotan, to‘kinlik va ma’murchilik bor yurtda baraka bo‘ladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    427
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+