Deputat aholi bilan yuzma-yuz muloqot orqali muammolarga yechim topdi

10.05.2022, 16:24

Deputat aholi bilan yuzma-yuz muloqot orqali muammolarga  yechim topdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova aholining turmush sharoitlarini o‘rganish, joylardagi mavjud muammolarni aniqlash va hal etish maqsadida Buxoro tumanidagi “Galaosiyo” MFYda bo‘lib aholi, shuningdek, mahalladigi 2-sonli umumta’lim maktabi hamda 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti  jamoalari bilan uchrashdi.

Aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar chog‘ida yechimini kutib qolgan muammolar, jumladan mahalladagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash shu bilan birga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama etildi.

Jumladan, tuman markaziy o‘yingohida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, “Galaosiyo” MFY hududida, qariyalar choyxonasi hamda bolalar maydonchasini barpo etish, 36-37-MTTlarini zarur jihozlar bilan ta’minlash singari masalalar shu kunning o‘zida deputat Emma Aslonova hamda tuman hokimligi mas’ullari hamda joylardagi hokim yordamchilari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda atroflicha ko‘rib chiqildi. Mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Shu bilan birga aholi o‘rtasida “Ochiq budjet” dan ko‘zda tutilgan maqsad va shu asosda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini jonlantirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Shu kuni deputat Emma Aslonova tomonidan tumandagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oila vakillari holidan xabar olinib, ularga bir necha turdagi oziq- ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Aholi muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayot sifatini yaxshilash bugun davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari ham ana shu ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilmoqdalar.

  • Ko'rildi
    461
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+