G’alla yetishtirishda joriy etilayotgan yangi islohotlar

17.05.2022, 10:21

G’alla yetishtirishda joriy etilayotgan  yangi islohotlar

Xalqimiz azaldan nonni aziz ne’mat hisoblaydi. Nonga ehtirom turmush tarzimizdan, ma’naviyatimizdan chuqur joy olgan. Uni e’zozlagan kishining rizqi yanada ziyoda bo‘ladi. Zero, “nonga e’tibor — elga e’tibor”, “nonga hurmat — elga hurmat” degan hikmat bejiz aytilmagan. Ushbu so‘zlarning zamirida juda katta ma’no mujassam.

Shu bois, bug‘doyni, nonni ulug‘ ne’mat sifatida e’zozlab, ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan xalqimiz dehqon va fermerlarning og‘ir mehnati, azmu shijoatining ham qadriga yetadi, yuksak baholaydi. Ularning fidoyiligi, tinimsiz va mashaqqatli mehnati evaziga dasturxonlarimiz to‘kin, bozorlarimiz farovon.

Yaqinda g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish maslalari muhokama qilingani bejiz emas.

Chunki “O’zdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emas. Ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilmayotgani, shuningdek davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmagan.

Shuningdek, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. Yig‘ilishda ushbu masalalar tilga olinar ekan, O’zbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetgani aytildi.

Bu borada barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda, 1 iyundan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi qayd etildiki, bu ko‘pchilikning ayni ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

Ayniqsa, fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani birja savdolariga olib chiqishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilishi, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshirilishi fermer xo‘jaliklarimiz va mirishkor dehqonlarimizga qanot bag‘ishladi.

Endilikda qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug‘doy ehtiyojga qarab birjaga chiqaradi. Bunda fermerlarga iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, o‘rт́adagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi. Buning uchun joriy yilda davlatdan 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.

Bular hali hammasi emas. Bundan buyon fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab, ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi. Bunda 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Sir emaski, bug‘doyni fermer va klasterlar yetishtiradi. Demak, uning haqiqiy egasi ham ular. Shu ma’noda, endi tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-em kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi.

Zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish, g‘alla maydonlarini kengaytirish va hosildorlikni oshirish, chekka va olis qishloqlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish uchun transport xarajatlari ham qoplab beriladi.

Umuman olganda, mamlakatimizda to‘kinlik, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik barqaror. Bu Prezidentimiz rahnamoligida xalq farovonligini yuksaltirish, narx barqarorligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasidir. Zotan, fermer birjaga chiqib, g‘allasini o‘zi mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o‘z mehnati natijasidan ko‘ngli to‘ladi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

 palatasi deputati

  • Ko'rildi
    467
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+