Partiya yetakchisi Toshkent viloyatida bo‘lib, fermerlarning muammo va takliflari bilan qiziqdi

20.05.2022, 11:42

Partiya yetakchisi Toshkent viloyatida bo‘lib, fermerlarning muammo va takliflari bilan qiziqdi

So‘nggi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga olib chiqildi.

Buning natijasida qishloq xo‘jaligida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilib, chekka hududlardagi qishloqlar ham tobora obodlik kasb etmoqda.

Bo‘ka tumanidagi “Bo‘ka” mahallasi ham kun sayin obod go‘shalardan biriga aylanmoqda.

Bugun mahalla markazi bo‘lgan “Islomobod” guzarining barpo etilgani ham aholi quvonchiga sabab bo‘ldi.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitov tumanning “Bo‘ka” mahalla fuqarolar yig‘inining chekka qishlog‘i bo‘lgan Alxajar qishlog‘idagi obodonchilik va bog‘dorchilik ishlari bilan tanishdi.

Bu yerda jam bo‘lgan “Bo‘ka” tomorqa xizmati rahbari To‘raxon G’oziyev, “Oqqo‘rg‘on tomorqalarga ko‘maklashish markazi” rahbari Ozodbek Saidaxmedov, Bahodir Jalolov, "EASTERN PREMIUM RISE" MChJ rahbari Sayfullo Qoraqulovlar bilan ularga o‘z faoliyatlarini kengaytirishlarida zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishi, qo‘llab-quvvatlash, xayriya yo‘nalishida olib borayotgan ishlarini targ‘ib qilib, ommalashtirish borasida suhbatlashdi.   

O’zaro suhbat asnosida tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan mirishkor dehqonlarimizning soni yildan-yilga oshib borishida tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilgani qator qulayliklarni yuzaga keltirayotganini e’tirof etdi.

Bunda hududlardagi “Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyatining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.

Ayniqsa, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi qoshidagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tomonidan hudud aholisining kam ta’minlangan qismi xonadonlariga parrandaning qora shaxzoda tovuq turi, baliq, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring, singari ekinlarning ko‘chatlari yetkazib berish borasidagi ishlar o‘rganib chiqildi.

“Bo‘ka” mahallasining “Alxajar” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Manzura aya Xaydarova xonadonida o‘rnatilgan sun’iy hovuzlarda yetishtirilayotgan baliqlar, tomorqaga ekilgan turli ko‘chatlar, hovli burchagida parvarishlanayotgan parrandalar ham ayni savobli ishlar mahsuli ekanining guvohi bo‘lindi.

Partiya va O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan hududning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishda qanday to‘siqlar bo‘lsa, barchasini bartaraf etishda katta amaliy yordam berilishini ta’kidladi.

Bo‘ka tuman hokimi Nizomiddin Abbosovning tashabbusi bilan hudud aholisining uyushmagan, ish bilan band bo‘lmagan qismini moddiy farovonligini oshirish maqsadida “Alxajar” qishlog‘ida issiqxona qurib berilayotgani tahsinga sazovor ekani qayd etildi.

Kengash qoshidagi jamg‘armasi mablag‘laridan ajratilgan kredit asosida barpo etilayotgan mazkur issiqxonalar aholiga 7 yillik kredit 3 yillik imtiyozga ega bo‘lgan to‘lov sharti bilan tarqatib beriladigan bo‘ldi.

Natijada, bu yerdagi tashlandiq joy obod maskanga aylanibgina qolmasdan, aholining ish bilan bandligi ta’minlanib, moddiy farovonligi ortadi, unumdor yer daromad manbaiga aylantiriladi.

Shuningdek, bu yerda ko‘chatchilik va bog‘dorchilikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlar xususida ham atroflicha fikrlashib olindi.

 Bo‘kaga qilingan amaliy tashrif hudud qishloq xo‘jaligining iqtisodiy rivojidagi qator muammolarga ijobiy yechim topilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    391
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+